Namanganda bank rahbari fuqaroni kaltaklagani aks etgan video tarqaldi. IIB holatga izoh berdi
3-sahifa
−
10 mart 2021
16620Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatida “Milliy bank” filiali rahbari fuqarolardan zo‘ravonlik ishlatib, qarz undirib olayotgani aytilgan video tarqaldi. Ushbu video yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilgan. Natijada mushtlashgan erkaklar yoshlikdan birga ulg‘aygan sinfdoshlar ekani ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, xabarda tasvirdagi mushtlashuv holati rahbarning ish faoliyatiga aloqasi yo‘qligi ham aytib o‘tilgan. Rahbarning ta’kidlashicha, videoni tarqatgan shaxs buni atayin qilgan.
“Noto‘g‘ri ma’lumotni tarqatib yuborishibdi. U yerda bankka, ishga taalluqli joy yo‘q. Ular mening sinfdoshlarim, yoshlikdagi yaqin do‘stim bo‘ladi. Bankdagi va boshqa insonlar ham ular bilan yaqinligimni biladi. Kimdir bundan foydalanib, ish faoliyatimga bog‘lab yozgan.
Qaysi bank bu usulda pul undirgan? Hozirgi kunda sud bor, majburiy ijro bor, undiruvlar bor. Bu xabar tarqaganidan keyin o‘zimga “Qalay holating endi? Seni shu ahvolga keltirmoqchi edim”, degan yozuvlar yuborilgan”, deydi bank rahbari.
Kaltaklangan erkak ham do‘stining gaplarini tasdiqlab, ular o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ish hech qanday qarzdorlikka aloqasi yo‘qligini aytgan.
“Do‘stim to‘g‘ri aytyapti, u bilan yoshlikdan katta bo‘lganmiz. Shunchaki, birozgina tushunmovchilik bo‘ldi. Bir-birimizga nisbatan adovatimiz ham yo‘q, o‘rtada bankka aloqador masalalar yo‘q”, deydi videoning boshqa bir “qahramoni”.
O‘zaro mushtlashuvda ikki fuqaro ham jarohat olmagan va bu haqda shifoxonaga ham, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ham murojaat kelib tushmagan.
LiveBarchasi