Namanganda ayol erining e’tiborini tortish maqsadida o‘zidan soxta jinoyatchi yasadi

3-sahifa

image

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida ayol erining e’tiborini tortish maqsadida o‘z uyida jinoyatga qo‘l urgani aniqlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.

Joriy yilning 10 fevral kuni soat 11:15 da To‘raqo‘rg‘on tumani IIBga 21 yoshli B.M. qo‘ng‘iroq qilib, noma’lum shaxs uning xonadoniga yuzida niqob bilan kirib, uni va 1 yoshar qizini o‘ldirish bilan qo‘rqitganini ma’lum qilgan. Shuningdek, u IIBga noma’lum shaxs qo‘lida bo‘lgan pichoq bilan unga jarohat yetkazib, uyda bo‘lgan narxi 19 mln 200 ming so‘mlik tilla-taqinchoqlarini olib, voqea joyidan yashiringani haqida xabar bergan. B.M. boshqarmadan noma’lum shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni va olib ketilgan tilla-taqinchoqlarini qaytarishda amaliy yordam berishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan To‘raqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi 3-qismi “v” bandi (bosqinchilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida jabrlanuvchi B.M. turmush o‘rtog‘i unga nisbatan e’tiborsiz bo‘layotgani sababli uning diqqatini o‘ziga jalb qilish maqsadida, shu kuni qaynonasining yotoqxonasiga 19 mln 200 ming so‘mlik tilla-taqinchoqlarini yashirgani aniqlangan.  Shuningdek, u bo‘yniga igna orqali shilinma tortib, go‘yoki yashash xonadoniga noma’lum shaxs kirib, pichoq bilan o‘zi va chaqalog‘ini o‘ldirish bilan qo‘rqitib, tilla taqinchoqlarni olib ketgani haqida tuman IIBga yolg‘on xabar bergan.

B.M.ning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda o‘zi tomonidan yashirilgan tilla taqinchoqlar ashyoviy dalil sifatida xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan B.M. Jinoyat kodeksining 237-moddasi 2-qismi “g” bandi (o‘ta og‘ir jinoyat sodir etishda ayblab sodir etilgan yolg‘on xabar berish) bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan tegishli sudlov organiga yuborish masalasini hal etish uchun To‘raqo‘rg‘on tuman prokuraturasiga yuborilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan soxta jinoyatchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing