Namanganda transformatorga chiqqan o‘quvchi tok urishidan halok bo‘ldi
3-sahifa
−
20 may 3172 2 daqiqa
Namangan viloyatining Davlatobod tumanida 5-sinf o‘quvchisi elektr toki urishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda “Millar” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fojia 5 may kuni soat taxminan 19:37 larda yuz bergan. 2013 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan bola gilos yeyish maqsadida yuqori kuchlanishli elektr transformatori ustiga chiqqan vaqtida elektr toki urgan.
Marhum bolaning yaqinlarini aytishicha, u maktabdan kelgach, ko‘chaga o‘rtoqlari bilan futbol o‘ynash uchun chiqqan. Kuchli chaqnash va portlash ovozidan keyin qo‘shnilar hodisa joyiga yugurib chiqqan.
Bolaning xolatiga ko‘ra, qo‘shnilar unga birinchi yordam ko‘rsatishga uringan va shifoxonaga olib borishgan. Biroq keyinchalik bola vafot etgani ma’lum bo‘lgan.
Marhum Davlatobod tumanidagi 56-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 5-“V” sinf o‘quvchisi bo‘lgan.
Yaqinlari transformator atrofi xavfsizlik panjaralari bilan o‘ralmagani va elektr simlari tartibsiz holatda bo‘lganini aytib, mas’ullarni loqaydlikda ayblamoqda. Ularning ta’kidlashicha, hodisadan keyin hudud qisman tozalangan, biroq hanuz himoya to‘siqlari o‘rnatilmagan.
Hodisa yuzasidan Davlatobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, tuman elektr ta’minoti korxonasi xodimlari faoliyati yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona shahridagi maktabgacha ta’lim muassasasida bolani yuqori kuchlanishli tok urgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi