Namangan va Saudiya Arabistoni ishbilarmonlari biznes-forumi ish boshladi

Jamiyat

image

Bugun, 2 oktyabr kuni Namangan viloyati va Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari ishtirokidagi xalqaro biznes-forum ochildi.

O‘zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistonidagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Forumda “Ajlan & Bros Holding Group”, “Awad Group”, “ELM”, “Al Shanawani”, “Gulf Pioneers” kabi 10 dan ortiq yirik kompaniyalar rahbarlari hamda Saudiya Arabistoni Moliya, Savdo va investitsiyalar hamda Atrof-muhit, suv resurslari va qishloq xo‘jaligi vazirliklarining yuqori martabali vakillaridan tashkil topgan delegatsiya ishtirok etmoqda.

Dastlab mehmonlar Forum doirasida tashkil etilgan Namangan sanoat va qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasida viloyatda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar bilan tanishdilar. 

Namangan viloyati va Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralari ishtirokidagi biznes-forumni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kirish so‘zi bilan ochdi. Xayrullo Bozorov, Saudiya Arabistonidan kelgan ishbilarmonlarga viloyatning qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, energetika, neft-gaz, foydali qazilmalar, yengil sanoat va turizm kabi sohalardagi salohiyati, Namanganda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zonalar hamda ularda investorlar uchun taklif etilayotgan imtiyozlar haqida batafsil tushuncha berdi.

Saudiya Arabistoni Bosh investitsion boshqarmasi boshlig‘i Badir Muhammad Almufgay, bunday yirik ishbilarmonlar uchrashuvi tashkil etilgani uchun O‘zbekiston hukumatiga va viloyat hokimligiga o‘z minnatdorchiligini bildirib, O‘zbekistonda va Saudiya Arabistonida xususiy biznesni rivojlantirish hamda dunyoga keng ochilish borasida olib borilayotgan ishlar ko‘p jihatdan o‘zaro o‘xshash ekanini qayd etdi.

Badir Muhammad Almufgay, Saudiya Arabistoni biznesi Namangan bilan turizm, neft-gaz, petrokimyo, tekstil va energetika kabi sohalarda hamkorlikka tayyor ekanligini ta’kidlab, bu borada muloqotni davom ettirish uchun viloyat hokimligi vakillarini shu yil noyabr oyida Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni hukumatlararo qo‘shma komissiyasining navbatdagi yig‘ilishiga rasman taklif qildi.

O‘zbekiston Respublikasining Saudiya Arabistonidagi favqulodda va muxtor elchisi Ulug‘bek Maqsudov ham ishtirok etayotgan Forum, Namangan viloyati va Saudiya Arabistoni ishbilarmon doiralarining B2B hamda B2G formatidagi uchrashuvlari bilan davom etmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Namangan Saudiya Arabistoni biznes forum

Baholaganlar

21

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing