Nyu-Yorkda metro to‘xtab qoldi. Yo‘lovchilar keyingi bekatgacha poyezd relslaridan yurib bordi
Olam
−
31 avgust 2021
3219Kecha, 30 avgust kuni Nyu-York shahri metro tizimi faoliyatida uzilish yuz berdi. Buning oqibatida yuzlab yo‘lovchilar qiyin ahvolga tushib qoldi. Bu haqda TASS yozmoqda.
Qayd etilishicha, megapolis metrosining ishlamay qolishiga elektr ta’minotidagi yetishmovchilik va birdan yirik kuchlanish sabab bo‘lgan. Shtat gubernatori Keti Xokul metroning bir necha soatga to‘xtab qolishini qabul qilib bo‘lmaydigan holat, deb izohlagan.
Xabarga ko‘ra, yirik kuchlanish oqibatida 83 metro poyezdi to‘xtab qolgan. Bu vaqtda ularning 5 tasi bekatlar orasidagi tunnellarda qolib ketgan. Shu sababli 550 dan ortiq yo‘lovchilar poyezd relslari ustudan yurib, keyingi bekatga piyoda yetib olgan.
“Kecha sodir bo‘lgan voqeani qabul qilib bo‘lmaydi. Nyu-York transport ma’muriyati shaharning qon aylanish tizimidir va bu darajadagi muvaffaqiyatsizlik halokatli bo‘lishi mumkin”, deydi gubernator.
Eslatib o‘tamiz, shunga o‘xshash holat Toshkent metrosida ham kuzatilgan. Joriy yilning aprel oyida Toshkent metropolitenining “Novza” bekati yaqinida poyezd manzilga yetib bormay, yarim yo‘lda to‘xtab qolgan. Buning oqibatida yo‘lovchilar keyingi bekatga relslar ustidan piyoda yurib yetib olgan.
LiveBarchasi