Myunxen aeroporti noma’lum dronlar sababli yopildi
Olam
−
03 Oktabr 2025 2306 1 daqiqa
Kecha, 2 oktyabr kuni kechqurun Germaniya havo harakati boshqarmasi Myunxen aeroportida parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda “Deutsche Welle” xabar berdi.
Mahalliy vaqt bilan 22:18 da joriy qilingan cheklovlar oqibatida 17 ta reys bekor qilingan, bu deyarli 3 ming yo‘lovchiga ta’sir qilgan. Yana 15 ta samolyot Shtutgart, Nyurnberg, Vena va Frankfurt aeroportlariga yo‘naltirilgan. Nashrning yozishicha, parvozlar bugun, 3 oktyabr kunidan boshlab qayta tiklanadi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, dronlar aeroport hududi hamda yaqin atrofdagi Erding va Freyzing shaharlarida 21:30 dan yarim kechagacha uchib yurgani aniqlangan. Hozirda uchuvchisiz uchoqlar va ularni uchirgan shaxslarni aniqlash uchun tergov ishlari boshlangan, qidiruvga vertolyot ham jalb etilgan. Hozircha dronlarning kimga tegishli ekani noma’lum.
So‘nggi kunlarda Yevropaning bir qancha shaharlarida ham shunga o‘xshash hodisalar kuzatilgan – Vilnyus va Kopengagen aeroportlari yaqinida, Daniya harbiy ob’ektlari ustida hamda Norvegiya hududida dronlar paydo bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaga zarba berishda qo‘llanilgan Rossiya droni Ruminiya havo hududiga kirgandi. Bu voqea Rossiya dronlari Polsha havo hududini buzgani va ularni polyak qiruvchi samolyotlari tomonidan urib tushirilganidan keyin ro‘y berdi. Shundan so‘ng, NATO ittifoqchilari Sharqiy qanot mudofaasini kuchaytirishga va’da berdi.
Live
Barchasi