“Muzokara bo‘lmasa, zarbalar kuchayadi”. Tramp Eronga yana tahdid qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron muzokaralarga rozi bo‘lmasa, mamlakatning elektr stansiyalari va ko‘priklariga zarba berishini aytdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Eronga qarshi harbiy amaliyotlarni davom ettiradi va agar Tehron muzokara stoliga o‘tirmasa, kelasi haftadan uning energetika hamda transport infratuzilmasi nishonga olinadi.

“Kelasi hafta ular uchun vaziyat yanada yomonlashadi. Navbat elektr stansiyalariga, undan keyin ko‘priklarga keladi. Agar ular muzokaralarga rozi bo‘lmasa, barcha elektr stansiyalari va ko‘priklarini ishdan chiqaramiz”, degan Tramp “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida.

Ushbu bayonot AQSH kuchlari ketma-ket to‘rtinchi kun Erondagi nishonlarga zarba berayotgan va Hormuz bo‘g‘ozidagi Eron portlariga nisbatan dengiz blokadasini qayta tiklagan paytda yangragan.

Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Vashington mintaqadagi neft va gaz eksportini dengiz yo‘llari orqali to‘sishga urinsa, AQSH va uning ittifoqchilari foydalanayotgan boshqa eksport yo‘nalishlari ham yopilishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.

Qayd etilishicha, Tramp joriy yilning mart oyida ham Eron tinchlik shartlariga rozi bo‘lmasa, mamlakatning elektr stansiyalari va suv ta’minoti infratuzilmasini yo‘q qilish bilan tahdid qilgan. Xalqaro gumanitar huquqqa ko‘ra, fuqarolik infratuzilmasiga qasddan zarba berish urush jinoyati sifatida baholanishi mumkin.

Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kazem G‘aribobodiy AQSHning dengiz blokadasini qayta joriy etishi avval erishilgan kelishuvlarga putur yetkazganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp yaqin orada AQSH Erondagi Pikaks tog‘iga zarba berishini ma’lum qilib, Vashington Eronga qarshi kuchli hujumlarni davom ettirishi haqida ogohlantirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing