“Mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi”. Tramp Eron taklifini qoraladi
Olam
−
09:10 1821 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eronning yangi tinchlik takliflarini keskin rad etdi. Bu haqda u o‘zining Truth Social sahifasida yozib qoldirdi.
U yangi taklif loyihasini “buni mutlqo qabul qilib bo‘lmaydi” deya yozgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eron AQSHga ko‘p sahifali reja yuborgan. Hujjat Pokiston orqali yetkazilgan.
“The Wall Street Journal”ning yozishicha, Tehron yadroviy dastur bo‘yicha bir oylik muzokaralarni boshlashni, Hormuz bo‘g‘ozini bosqichma-bosqich ochishni va yuqori boyitilgan uran zaxiralarining bir qismini uchinchi davlatga berishni taklif qilgan. Evaziga AQSHdan dengiz blokadasini bekor qilish va sanksiyalarni yumshatish so‘ralgan.
Shu bilan birga, Eron o‘z yadroviy ob’ektlarini demontaj qilishdan bosh tortgan. Shuningdek, uranni boyitishni vaqtincha to‘xtatishga tayyorligini bildirgan, ammo AQSH taklif qilgan 20 yillik moratoriyga rozi bo‘lmagan.
Eronning “Tasnim” agentligi esa Trampning munosabati Tehron uchun “hech qanday ahamiyatga ega emasligi”ni bildirgan. Manbaga ko‘ra, Eron muzokaralarda faqat o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqadi.
“Tasnim” aggentligiga ko‘ra, Eronning asosiy talablari — urushni darhol to‘xtatish, dengiz blokadasini bekor qilish, Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni saqlab qolish va 30 kun ichida neft sanksiyalarini olib tashlashdan iborat.
Avvalroq, Tramp AQSH va Eron o‘rtasidagi muzokaralarni “juda yaxshi” deb atagan va Tehron yadroviy quroldan voz kechishga rozi bo‘lganini aytgan edi.
Live
Barchasi