Mustaqil Falastin davlati tashkil etilishi shart – Xoqon Fidan
Olam
−
21 Oktabr 2023 15146 2 daqiqa
Yaqin Sharqdagi hozirgi inqiroz dunyoning boshqa mintaqalariga ham tarqalishi mumkin. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan Falastin bo‘yicha Qohira tinchlik sammitidagi chiqishi chog‘ida aytib o‘tdi.
"Falastindagi vaziyat har doim fojia bo‘lib kelgan. Hozir esa qirg‘inga aylanib bormoqda. G‘azo xalqini bunday azob-uqubatlarga duchor qilish uchun hech qanday sabab va asos bo‘lishi mumkin emas. Turkiya esa hech qanday shartlarsiz G‘azoda o‘t ochishni tezda to‘xtatish va doimiy yordam ko‘rsatish tarafdori”, dedi vazir.
Uning aytishicha, hozirgi inqiroz yanada avj olish xavfi bilan bir qatorda "mintaqada barqaror tinchlik o‘rnatish imkoniyati ham bo‘lishi mumkin".
"Va bu tarixiy chorrahada biz to‘g‘ri qadam tashlashimiz kerak. Turkiya buni o‘t ochishni to‘xtatish va G‘azoga so‘zsiz yordam berish, deb hisoblaydi. Poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan va 1967 yilgi chegaralariga ega mustaqil Falastin davlati tashkil etish lozim. Bu nafaqat majburiy tamoyil, balki xalqaro xavfsizlik va barqarorlik uchun ham strategiyadir", deydi Fidan.
U barcha sammit ishtirokchilari bu fikrga qo‘shilish bilan birga, amalda ham tinchlik uchun ko‘mak berishlari kerak.
"Bundan tashqari, kafil davlatlar uchun kuzatuvchi, nazorat qiluvchi va kerak bo‘lganda tomonlarning majburiyatlarini bajarishi uchun majbur qiladigan mexanizm yaratilishi kerak. Turkiya ushbu konsepsiyani yanada rivojlantirishga, shuningdek, bu mas’uliyatni zimmasiga olishga tayyor", deydi Turkiya Tashqi ishlar vazirligi rahbari.
Xoqon Fidan avval ham Turkiya Isroil bilan tinchlik kelishuviga erishishda Falastin uchun kafil davlat sifatida harakat qilishga tayyorligini ta’kidlagan edi.
Eslatib o‘tamiz, Bugun, 21 oktyabr kuni Qohirada Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi tashabbusi bilan tashkil etilgan G‘azo sektoridagi vaziyat bo‘yicha sammit boshlandi.
Live
Barchasi