“Mushtum” faoliyatini davom ettiradigan bo‘ldi
Jamiyat
−
07 mart
8022Avvalroq, ko‘plab ijodkorlarning adabiyotga qadam qo‘yishida vosita bo‘lib xizmat qilgan, ulug‘ o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy tomonidan tashkil etilib, 1923 yil 18 fevralda ilk soni chop etilgan hamda bugunga qadar o‘quvchilarning sevimli nashri bo‘lgan “Mushtum” jurnali iqtisodiy qiyinchiliklar sabab noma’lum muddatga to‘xtatilgani haqida xabar bergan edik. Bu hol keng jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lishi ortidan bir kun ichida jurnal bilan bog‘liq muammolar hal qilinib, “Mushtum” o‘z faoliyatini davom ettiradigan bo‘ldi. Bu haqda jurnal bosh muharriri, shoir Nosirjon Toshmatov QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qildi.
Muharrir jurnalning taqdiriga befarq bo‘lmagan va chin dildan qo‘llab-quvvatlagan barchaga o‘zining chuqur minnatdorligini bildirdi.
“Gapning ochig‘i, kechagi kunimiz bilan bugunimiz, jurnal taqdiri bir kechada 180 gradusga o‘zgarib ketdi. Shu kungacha iplar juda tarang tortilib kelayotgan edi, ammo odamlar befarq bo‘lmagani uchun hammasi ijobiy tarafga o‘zgardi”, deydi Nosirjon Toshmatov.
Ayni damda jurnalning mart oyi uchun rejalashtirilgan soni tayyorlanib, “Mushtum” 20 martga qadar obunachilar qo‘liga yetib borishi mo‘ljallanmoqda.