“Musaffo havo – 2030” dasturi – havo sifatini yaxshilash yo‘lidagi yangi qadam
Jamiyat
−
16 Sentabr
1807O‘zbekiston aholisi uchun havo ifloslanishi tobora dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Kuzda, isitish mavsumi yaqinlashib, issiqlik elektr stansiyalari faol ishlay boshlaganda, yozda esa poytaxtni vaqti-vaqti bilan qoplaydigan chang bo‘ronlari kelishi bilan muammo yanada og‘irlashmoqda.
Havo sifati hozirda 117 mamlakatning 6000 dan ortiq shaharlarida monitoring qilinmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Yer sayyorasining 99% aholisi JSST tomonidan belgilangan maqbul sifat standartlaridan tashqari ifloslangan va ularning sog‘lig‘iga tahdid soladigan havodan nafas oladi.
Havo ifloslanishi dunyoda ko‘plab o‘limlarga sabab bo‘lmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) har yili oldini olish mumkin bo‘lgan ekologik sabablar tufayli 13 million kishi o‘limini taxmin qilmoqda. PM 2,5 zarrachalar (0,001 dan 2,5 mikrometrgacha bo‘lgan mayda havo zarralari) inson tanasiga o‘pka va qon oqimi orqali kirib, yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklarini keltirib chiqarishi mumkin.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonda tasodifiy bo‘lmagan o‘limlarning olti foiziga iflos havo sabab bo‘lmoqda.
Havoning ifloslanishi oziq-ovqat xavfsizligiga ta’sir qiladi, iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qiladi, iqlim o‘zgarishiga hissa qo‘shadi.
Xorij tajribasiga ko‘ra, bir qator rivojlangan davlatlarda atmosfera havosini yaxshilash bo‘yicha muvaffaqiyatli dasturlar mavjud. Masalan, Germaniyada Clean Air Program dasturi orqali yirik shaharlarda avtomashinalar uchun maxsus “qizil zona”lar joriy etilgan, bu yerlarda faqat elektromobillar yoki zararsiz transport vositalari harakatlanishi mumkin. AQSHda esa Clean Air Act qonunchiligi asosida sanoat chiqindilarini kamaytirish, yashil hududlarni ko‘paytirish tadbirlari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyamizning yangi saylovoldi dasturida “Barcha hududlarda atmosfera havosini yaxshilash bo‘yicha “Musaffo havo – 2030 milliy dasturi”ni qabul qilish” taklifi muhim tashabbuslardan biridir. Ushbu dastur ekologik holatni yaxshilashga, aholi salomatligini saqlashga va kelajak avlodlar uchun sog‘lom atrof-muhit yaratishga qaratilgan.
O‘zbekistonda “Musaffo havo – 2030” milliy dasturini joriy etish barcha hududlarda havo sifati bo‘yicha monitoring o‘tkazish va havoni ifloslantiruvchi omillarni aniqlashga yordam beradi. Bu orqali aniqlangan muammolarni bartaraf etish uchun aniq chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.
Partiyaning “Musaffo havo – 2030 milliy dasturi”ni joriy etish taklifi O‘zbekistonning ekologik va ijtimoiy rivojlanishi uchun muhim qadamdir. Xorijiy davlatlar tajribasidan foydalangan holda, mazkur dasturni samarali amalga oshirish orqali mamlakatda havo sifati yaxshilanishi va ekologik muammolarning kamayishiga erishish mumkin.
LiveBarchasi