Murodov MPL'ga nomdor sportchilarni jalb qilmoqchi

Sport

Kecha, 6 avgust kuni Toshkent shahrida o‘zbekistonlik UFC jangchisi Mahmud Murodov ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Murodov jurnalist va muxlislarning bir qator savollariga javob berdi.

Ma’lumki, Murodov oxirgi jangida amerikalik tajribali Brayan Barberenani mag‘lub etdi. Barberenaga qarshi jangga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ancha muddat O‘zbekistonda bo‘lmagan sportchi endi e’tiborini Murodov professional ligasining (MPL) tashkiliy ishlariga qaratishini aytib o‘tdi.

Shuningdek, Murodovning murabbiyi Jasur Alijonov MPL'ning 8-turniri sentyabr oyida o‘tkazilishi reja qilinayotganini ta’kidladi.

“MPL 8 katta masshtabda o‘tkaziladi. MPL 10'ni esa “Humo arena”da o‘tkazishni rejalashtiryapmiz. MPL 10'ga Markaziy Osiyo va Yevropaning nomdor sportchilarini jalb qilishni o‘ylaganmiz. Hozircha boshqa ligalar bilan hamkorlikda turnir o‘tkazish niyatimiz yo‘q”, deydi Alijonov.

Tadbirda o‘zbekistonlik sobiq UFC jangchisi Saidyoqub Qahramonov ham MPL bilan shartnoma imzolagani ma’lum bo‘ldi.

“Qahramonov bizning liga bilan shartnoma imzoladi. Hozir u bilan MPL'ning qaysi turnirida jang qilishi bo‘yicha muzokara ketmoqda”, deb qo‘shimcha qildi Alijonov. 

Yig‘ilganlar Murodovning UFC'dagi keyingi jangi bo‘yicha rejalari bilan ham tanishdi.

“Raqibni menga UFC belgilab beradi. Keyingi jangimning qachon o‘tkazilishi mening jismoniy holatimga bog‘liq. Vaziyatga qaraymiz, balki noyabr yoki dekabr oyida jang qilarman”, deydi Murodov.


Maqola muallifi

Teglar

Mahmud Murodov Brayan Barberena Jasur Alijonov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made