Murod Nazarov “Tashkent City”dagi loyihalar haqida aytganlariga izoh berdi

Jamiyat

image

“Murad Buildings” kompaniyasi asoschisi Murod Nazarovning “Tashkent city” hududida yer ajratish masalalari noqonuniy hal etilgani haqida fikr bildirgandi. Tadbirkorning bu fikrlari tarmoq foydalanuvchilari orasida munozaraga sabab bo‘ldi.

“Tashkent city” direksiyasi Nazarovning fikrlariga munosabat bildirib, tadbirkorning qurilishga ruhsat beruvchi hujjatlar yuzasidan bildirgan fikrlari haqiqiy holatga to‘g‘ri kelmasligini va asossiz ekanini ma’lum qildi.

Orada ko‘p o‘tmay esa ijtimoiy tarmoqlarda Murod Nazarovning yana bir videosi tarqaldi. Unda “Murad Buildings” kompaniyasi asoschisi munozaralarga sabab bo‘lgan dastlabki fikrlariga izoh bergan.

“Kecha internetda tarqalib ketgan video haqida gapiradigan bo‘lsak, OAVdan iltimos qilgan bo‘lardim, har bir so‘zimizni to‘g‘ri talqin qilishsa, tushunmovchilik bo‘lmaydi. Shov-shuv qilish uchun “loyihasi yo‘q ekan, loyihasiz qurilayotgan ekan”, degan gaplani nazarda tutish bu noto‘g‘ri. U yerda men gapirganim, menga loyihangiz tasdiqlanganmi deb savol berishgan. O‘sha yerda tushuntirganmizki, loyihamiz parallel loyihalashtirilayotgani uchun uni ustida mahalliy tashkilotlar bilan ishlanyapti. Chunki “Tashkent City”da qurilayotgan har bir majmua bu judayam jiddiy, judayam unikal loyiha. Bu paytgacha bu kabi loyihalar qurilmagan. Eski standartlarda buni qurishni imkoni yo‘q”, deydi Murod Nazarov.

U so‘zida davom etib, shuning uchun parallel loyihalashtirish uchun shart qo‘yilganini, xalqaro tajribaga ega bo‘lgan, oldin ham bu kabi loyihalarni qurib yurgan  kuchli kompaniyalar olib borishi sharti bilan baravariga loyihalashtirib, bosqichma-bosqich va har bir bosqichni mahalliy tashkilotlar bilan ko‘rib chiqib, standartlashtirib, keyin o‘sha bosqichlarni qurib bitkazish nazarda tutilganini ta’kidladi. Tadbirkor “Tashkent City”da hamma xohlagancha, o‘zboshimchalik qilib o‘zining loyihasini qurib tashlamaganini ham urg‘uladi.

“Jurnalist opamiz ham shoshib chiroyli savol berib, chiroyli javob olib, hali press-konferensiyamiz tugamasdan buni internetga qo‘yib yubordi. Shov-shuv bo‘ldi. Barcha jurnalistlarni chaqirgan press-konferensiyamizdan maqsadimiz aynan mana shularni batafsil gapirib tushuntirib berish. Qilinayotgan barcha ishlarning sarhisobini ko‘rsatish edi. Lekin qatnashmasdan “men javobimni oldim”, deb chiqib ketib, buni internetga qo‘yishi shov-shuvga sabab bo‘ldi. 

Bu katta ko‘cha emas. Bu “Tashkent City” xalqaro biznes markazi hududi. Bu yerdagi bir bino alohida nazorat bilan olib borilmoqda. “Hilton” mehmonxonasi ham xuddi shunday bosqichma bosqich loyihalashtirildi. Mahalliy tashkilotlar shu yerda yotvolib, shu yerda ishlashdi. Barcha hujjatlari bor, lekin tasdiq degan narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerak”, deydi Murod Nazarov.

Tadbirkorining qayd etishicha, bu tur hujjatlarni tasdiqlab beradigan organ yoki normativlarimiz O‘zbekistonda hali yo‘q. Bu narsa hozir ishlab chiqilyapti.

“Bu narsani hozir ishlab chiqmasak, eski standartlar bilan yashab yuraverardi O‘zbekiston. Bu narsa qilinyapti va keyingilariga yo‘l ochib ketilyapti.

Bu narsani to‘g‘ri tushunish kerak. Xalqni noto‘g‘ri fikrga chalg‘itmaslik kerak. Chunki adolatsizlik, g‘irrom degan narsalar jamiyatda yaxshilikka olib kelmaydi. Shu jamiyatda o‘zimiz yashaymiz, farzandlarimiz yashaydi. Bir biriga bo‘lgan ishonch, muhabbat va umidi bo‘lsa hammamizni yurtimiz yaxshi bo‘ladi”, deya so‘zini yakunlagan “Murad Buildings” asoschisi Nazarov.

Eslatib o‘tamiz, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov holat bo‘yicha munosabat bildirib, “Tashkent city” hududida yer ajratish masalalari qonuniy hal etilganini ta’kidlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Murod Nazarov

Baholaganlar

257

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing