Qaydan bilsin ot qadrin, ot minmagan erkaklar?! Murod Nazarov polo federatsiyasida ish boshladi

Jamiyat

image

Kecha, 2 iyun kuni o‘zbekistonlik taniqli tadbirkor, “Murad buildings” qurilish shirkati ta’sischisi Murod Nazarov hamda Xalqaro Vestminster universitetining Karerani rivojlantirish markazi va bitiruvchilar bilan hamkorlik bo‘limi rahbari Mirziyod Majidiy O‘zbekiston polo federatsiyasi raisining yangi o‘rinbosarlari etib saylandi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Federatsiya raisi o‘rinbosari lavozimiga Murod Nazarov nomzodini Bahromjon Gaziyev tavsiya qilgan. Taniqli tadbirkorlar Zafar Hoshimov va Hasan Mamasaidov esa Mirziyod Majidiy nomzodini qo‘llab-quvvatlagan. O‘zbekiston polo federatsiyasi Bosh kotibi lavozimiga Akbar Asqarov nomzodi ilgari surilgan. 

Anjuman yakunda ishtirokchilari taklif etilgan barcha nomzodlarga ovoz berishi natijasida Murod Nazarov va Mirziyod Majidiy O‘zbekiston polo federatsiyasi raisining yangi o‘rinbosarlari, Akbar Asqarov esa Bosh kotib etib saylangan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston polo federatsiyasi 2020 yil 10 oktyabrda tashkil etilgan. Federatsiya an’anaviy va qor polosini rivojlantirishni qamrab oladi. Ayni paytda O‘zbekistonda polo bo‘yicha 12 ta professional jamoa faoliyat ko‘rsatmoqda.

Xalqaro polo federatsiyasi — XPF 1982 yilda Argentinaning Buenos-Ayres shahrida tashkil etilgan. 2021 yilda O‘zbekiston polo federatsiyasi Markaziy Osiyodagi yagona rasmiy XPF a’zosiga aylangan.

Polo O‘rta Osiyo hududi bilan bog‘liq bo‘lgan boy tarixga ega, u birinchi ming yillik o‘rtalarida jamoaviy o‘yin – chovg‘on tarzida vujudga kelgan. Chovg‘on asrlar davomida O‘rta Osiyo, Ozarbayjon, Eron, Iroq va qo‘shni turkiy mamlakatlarda juda mashhur bo‘lgan. Qadimgi miniatyuralarda o‘yinning parchalari tasvirlangan, tarixiy qo‘lyozmalarda o‘yinning batafsil tavsifi va qoidalari berilgan. Ilk xalqaro chovg‘on musobaqalari chavandozlar o‘rtasida o‘tkazilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

185

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing