Mundialning pley-off bosqichi Meksikadan ko‘chirilishi mumkin
Sport
−
24 fevral 1603 1 daqiqa
FIFA 2026 yilgi Jahon chempionatining qit’alararo pley-off bosqichini Meksikadan boshqa joyga ko‘chirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “The Athletic” nashri xabar berdi.
Kongo, Yamayka va Yangi Kaledoniya terma jamoalari ishtirokidagi pley-off bosqichi joriy yilning 26–31 mart kunlari Meksikaning Gvadalaxara shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Manbaga ko‘ra, joriy yilning 22 fevral kuni “Xalisko yangi avlodi” giyohvand moddalar karteli yetakchisi Nemesio Oseguera Servantesning (laqabi “El Mencho”) o‘ldirilishidan so‘ng Meksikaning bir nechta hududlarida, jumladan, Gvadalaxarada ham tartibsizliklar boshlangan. Namoyishchilar politsiyaga hujum qilgan, avtomobillarga o‘t qo‘yilgan va do‘konlar talon-toroj qilingan. Rasmiylar “qizil kod” e’lon qilib, aholini uyda qolishga chaqirdi. Mamlakat aeroportlarida 100 dan ortiq reys bekor qilingan.
Shu bilan birga, Meksika Prezidenti Klaudiya Sheynbaum mamlakatning aksariyat hududlarida vaziyat barqaror ekanini ma’lum qilmoqda.
Ismi oshkor etilmagan FIFA xodimining aytishicha, tashkilot o‘yinlarni boshqa sanaga qoldirishni faqat so‘nggi chora sifatida ko‘radi. Shu sababli Meksikadagi vaziyat yaxshilanmasa, o‘yinlar boshqa joyga ko‘chirilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Kongo, Yamayka va Yangi Kaledoniya terma jamoalari ishtirokidagi pley-off bosqichi g‘olibi O‘zbekiston bilan birgalikda Jahon chempionatining “K” guruhidan o‘rin oladi.