Mundial ishtirokchilari soni 64 taga yetkazilishi mumkin

Sport

image

Kecha, 23 sentyabr kuni FIFA prezidenti Janni Infantino Nyu-Yorkda Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (KONMEBOL) rahbari Alexandro Dominges va Janubiy Amerikaning bir necha futbol federatsiyalari prezidentlari bilan uchrashib, erkaklar o‘rtasidagi 2030 yilgi Jahon chempionati ishtirokchilari sonini 64 taga kengaytirish taklifini muhokama qildi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.

KONMEBOLning bu boradagi tashabbusi ilk bor joriy yilning mart oyida Urugvay delegatsiyasi tomonidan FIFA kengashining onlayn yig‘ilishida ko‘tarilgan edi. Yangi uchrashuvda Infantino bilan bir qatorda Argentina va Urugvay futbol assotsiatsiyalari rahbarlari, Paragvay Prezidenti Santyago Penya hamda Urugvay Prezidenti Yamandu Orsi ishtirok etgan.

“Biz 2030 yilgi tarixiy Jahon chempionatiga ishonamiz! FIFA prezidenti Janni Infantino, bizni kutib olganingiz va futbolning 100 yilligi sari ushbu sayohatni baham ko‘rganingiz uchun tashakkur. Futbol umumiy qadriyatga aylanganda, u haqiqiy global bayramga aylanadi”, deydi KONMEBOL rahbari Alexandro Dominges.

Ma’lumki, 1998 yildan beri Jahon chempionati 32 jamoa ishtirokida o‘tkazib kelinmoqda. 2026 yilda esa format 48 jamoaga kengaytiriladi. 2030 yilgi turnir esa allaqachon tarixiy ahamiyat kasb etmoqda. U uch qit’aga tarqalgan oltita davlatda o‘tkaziladi. Urugvay (1930 yilda ilk mundial mezboni) ramziy ma’noda bitta o‘yinga mezbonlik qiladi. Shuningdek, Argentina, Paragvay, Ispaniya, Portugaliya va Marokash ham musobaqaga mezbonlik.

Agar turnir 64 jamoagacha kengaytirilsa, KONMEBOLning barcha 10 davlati qatnashish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa, jahon chempionatida hali biror marta o‘ynamagan yagona Janubiy Amerika mamlakati – Venesuelaga ham eshik ochadi.

“Bu shunchaki yana bir mundial emas. Asrda bir marta sodir bo‘ladigan voqea. Urugvay, Argentina va Paragvaydagi guruh bosqichi o‘yinlari tarixiy ahamiyatga ega bo‘ladi”, deydi Dominges.

Taklif ma’qullansa, musobaqada 128 ta o‘yin o‘tkaziladi.  Bu 1998-2022 yillar davomida amal qilgan 64 o‘yinlik formatdan ikki baravar ko‘p degani. Biroq UEFA prezidenti Aleksandr Cheferin bunday kengayishni “yomon g‘oya” deb baholadi. Tanqidchilarning fikricha, 64 jamoalik format o‘yinlar sifatini pasaytirishi va saralash jarayonini qadrsizlantirishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Jahon chempionati Janni Infantino FIFA Mundial Alexandro Dominges

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing