Mukofot o‘zbek futboli to‘g‘ri yo‘lga tushib borayotganini anglatadi – Ravshan Ermatov
Sport
−
01 noyabr 2023
3458Kecha, 31 oktyabr kuni Qatar poytaxti Doha shahrida Osiyo futbolining eng yaxshilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ortda qolgan mavsum yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) “Yilning eng yaxshi federatsiyasi” deb topildi. Sovrinni O‘FA vitse-prezidenti Ravshan Ermatov qabul qilib oldi.
Marosim yakunlangandan so‘ng Ermatov QALAMPIR.UZ'ga qo‘lga kiritilgan sovrin va kelgusida o‘zbek futbolida qilinishi kerak bo‘lgan ishlar yuzasidan fikrlarini bildirdi.
“Xalqaro tashkilotlar o‘zbek futboli o‘zgarayotishi va assotsiatsiya faoliyatini yaqindan kuzatib bormoqda. Bu mukofot o‘zbek futboli to‘g‘ri yo‘lga tushib borayotganini anglatadi. Futbolimizda hali kamchiliklar bor, biroq ularni bosqichma-bosqich bartaraf etyapmiz”, deydi Ermatov.
Shuningdek, Ermatov hozirda O‘FA mamlakatda futbol rivoji uchun asosiy e’tiborni qaysi jihatlarga qaratayotganini aytib o‘tdi.
“O‘FA zamonaviy futbolni sifatli infratuzilmasiz rivojlantirib bo‘lmasligini biladi. Hozirda biz infratuzilmani yaxshilashga e’tibor qaratyapmiz. Shuningdek, mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashga, futbol faoliyati bilan shug‘ullanayotgan barcha odamlarni bilimini oshirishga bel bog‘laganmiz. 14 ta hududiy futbol akademiyalarni tizimli rivojlantirib, respublika futbol akademiyasida yetuk futbolchilarni tayyorlash ham oldimizga qo‘yilgan asosiy maqsadlardan biri hisoblanadi. Undan tashqari 19 terma jamoa faoliyat yuritmoqda. Har bir yosh toifasida terma jamoalarni tashkil qildik, bu esa futbolchilar o‘rtasida yaxshigina raqobatni shakllantiradi, bu esa futbolni o‘sishiga xizmat qiladi”, deydi O‘FA vitse-prezidenti.
QALAMPIR.UZ Ermatovga qachon O‘zbekistondan yilning eng yaxshi futbolchi va murabbiylari chiqishi haqidagi savol bilan yuzlandi.
“Agarda yuqorida aytib o‘tganlarimni qila olsak, O‘zbekistondan ham Osiyoda yilning eng yaxshi futbolchi, murabbiy va hakamlari yetishib chiqadi”, deydi Ermatov.
Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi o‘z tarixida birinchi marta Osiyoning eng yaxshi federatsiyasi deb topildi. Shu vaqtga qadar o‘zbekistonlik futbolchi Server Jeparov qit’ada 2 marta yilning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan bo‘lsa, hozirda O‘FA vitse-prezidenti sifatida faoliyat olib borayotgan Ravshan Ermatov 5 marta Osiyoning eng hakami deb topilgan. 1999 yilda Mahmud Rahimov, 2007 yilda esa Rauf Inileyev qit’aning eng yaxshi murabbiyi bo‘lgan.
LiveBarchasi