Muxolif jurnalist Aliyevni xotinidan tortib yordamchisigacha so‘roqqa tutdi (video)
Olam
−
16 fevral 7747 4 daqiqa
Germaniyaning Myunxen shahrida boshlangan 2026 yilgi xavfsizlik konferensiyasiga borgan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev boshchiligidagi delegatsiya, xususan, mamlakat birinchi xonimi Mehribon Aliyeva, Iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov va Prezident yordamchisi Hikmat Hojiyev ozarbayjonlik jurnalist va inson huquqlari faoli Emin Huseynovning keskin savollari ostida qoldi. Ushbu jarayon aks etgan kadrlarni jurnalist o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ulashdi.
Joriy yilning 13 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida ishtirok etish uchun Germaniya Federativ Respublikasiga tashrif buyurgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev uchrashuvlarda ishtirok etib qaytar ekan, yo‘lakda uni davlatga yaqin bo‘lgan ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib olgan va savol bilan yuzlangan. Ularga javob qaytarib yo‘lida davom etar ekan, Aliyevni Muxbirlar erkinligi va xavfsizligi instituti raisi, Shveysariyadagi siyosiy qochqin Emin Huseynov savolga tutgan. Jurnalist unga yaqinlashib, mustaqil ommaviy axborot vositalariga ham intervyu berishini so‘ragan. Prezident esa yo‘lidan to‘xtamay “Dunyoda mustaqil ommaviy axborot vositalari yo‘q”, ekanligini aytgan.
Shundan so‘ng, Huseynov Iqtisodiyot vaziri Mikoyil Jabborov va Prezident yordamchisi Hikmat Hojiyevga yuzlanib, mustaqil ommaviy axborot vositalari nomidan Ilhom Aliyevga savol bergani, lekin u javob bermaganini aytgan. Jabborov Huseynovning savollariga e’tibor ham qilmagan bo‘lsa, Hojiyev uni erkin ommaviy axborot vositasi deb hisoblamasligini bildirgan.
Huseynovning keyingi va shov-shuvlarga sabab bo‘lgan suhbatdoshi mamlakat birinchi xonimi va vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva bo‘lgan. U jurnalistning demokratiya haqidagi savolini e’tiborsiz qoldirib, Ozarbayjonda demokratiya qay darajada ekanini aytishdan qochgan va Husaynovning shaxsiyatiga nisbatan keskin gaplar gapirgan.
“Ayol kishi kiyimida elchixona ichida yashiringan sizmidingiz? Sizga faqat sog‘liq tilayman”, degan Aliyeva.
Huseynov esa ayol kiyimida bo‘lmaganini aytib, vitse-prezidentning mamlakatdagi voqealardan to‘liq xabardor emas ekanligini gapirgan.
Ushbu holat ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng, Ozarbayjondagi Baku TV nashri birinchi xonim nima demoqchi bo‘lganini izohlashga urindi.
Unga ko‘ra, balki yosh avlodga begona bo‘lgan bu savol orqali Mehribon Aliyeva ko‘pchilikka Emin Huseynovning o‘tmishdagi elchixona sarguzashtlarining ba’zi lahzalarini eslatmoqchi bo‘lgan. 1979 yilda Bakuda tug‘ilgan Emin Huseynov Kooperativ, Iqtisodiy va Baku davlat universitetlarida tahsil olgan. U jurnalist va faol sifatida ishlagan. 2014 yil avgust oyi boshida soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda ayblangan Emin Huseynov o‘zi boshqargan Muxbirlar erkinligi va xavfsizligi instituti ofisida tintuv o‘tkazilgani haqidagi xabarni olgach, darhol AQSH elchixonasiga borgan va u yerda yashirinishga harakat qilgan. Biroq elchixona amerikalik harbiy ayolga uylangan Huseynovning bu iltimosini rad etgan.
“Avgust oyi boshida Huseynov Bakudagi AQSH elchixonasida bo‘lib o‘tgan tadbirga boradi va elchixonaning muvaqqat ishlar vakili Derek Xogan bilan yolg‘iz qoladi. Elchi Richard Morningstar bir necha hafta oldin Bakuni tark etgan edi. Manbalarga ko‘ra, Emin Xoganga qog‘oz topshiradi. “Menga qanday yordam bera olasiz? Men hibsga olinishim mumkin”, deydi. Xogan yordam bera olmasligini aytadi”, deyiladi xabarda.

Baku TV’ning qo‘shimcha qilishicha, matbuot Huseynov diplomatik korpusda yashiringanini yozgan bo‘lsa-da, elchixona 12 avgust kuni raddiya berib chiqadi. U tashqi qiyofasini butunlay o‘zgartirib, sochlarini bo‘yaydi va boshqa kiyimlar kiyadi. Boshqa bir manbaning aytishicha, Huseynov hatto odamlar uni taniydimi yoki yo‘qmi, bilish uchun shu shaklda tashqariga chiqadi. Nihoyat, 18 avgust kuni ozarbayjonlik tanishi Eminni Shveysariya elchixonasi yaqinida tushirib qo‘yadi. Emin elchixona atrofidagi fuqarolik kiyimidagilar politsiya ekanligini tushunadi. U ular bilan ingliz tilida gaplashib aldashga harakat qiladi. Avvaliga ular Huseynovni tanimaydi. Shunday qilib, Emin Huseynov Shveysariya elchixonasida taxminan 10 oy qoladi. 2015 yil 13 iyunda Ozarbayjon hukumati bilan muzokaralardan so‘ng, u Shveysariya Tashqi ishlar vazirligining yuqori lavozimli diplomati Dide Burkhalter hamrohligida ushbu mamlakatga uchib ketadi. Vaqti-vaqti bilan Ozarbayjon haqida tuhmat kampaniyasini olib borgan Emin Huseynov hozirda Shveysariyada yashaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ozarbayjonda muxolifatning yetakchilaridan biri, Ozarbayjon Xalq fronti partiyasi raisi Ali Karimli va partiya a’zosi Mamed Ibrohim hibsga olingan edi.
Live
Barchasi