Mo‘g‘uliston Bosh vaziri rus tilini bilsa ham Mishustinga o‘z ona tilida gapirdi
Olam
−
18 noyabr 3600 2 daqiqa
Rossiya Bosh vaziri Mixail Mishustin Mo‘g‘uliston Bosh vazirining rus tilini yaxshi bilishini ta’kidladi, biroq uning mo‘g‘ulistonlik mavqedoshi o‘zining ona tilida javob berishni ma’qul ko‘rdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Mishustin Moskvada Gombojavin Zandanshatar bilan muzokara o‘tkazdi. U Rossiya poytaxtiga Shanxay hamkorlik tashkiloti Hukumat rahbarlari kengashida ishtirok etish uchun borgan.
Uchrashuv davomida hatto til muammosi ham mo‘g‘ul tomoni bilan o‘zaro tushunishga to‘sqinlik qilmadi, chunki Zandanshatar Rossiya universitetini tamomlagan va rus tilini yaxshi biladi.
“Mo‘g‘uliston Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi strategik hamkorimizdir”, deb ishontirdi Mixail Mishustin.
Gumanitar hamkorlikni mustahkamlash uchun Rossiya Mo‘g‘ulistonga milliy kadrlar tayyorlashda yordam bermoqda. Rossiya oliy va o‘rta ta’lim muassasalarini 70 mingdan ortiq Mo‘g‘uliston fuqarolari tamomlagan.
“Mo‘g‘ulistonning ana shunday vakillaridan biri ekaningiz juda quvonarli va biz Mo‘g‘ulistonda rus tilini o‘qitishni kengaytirishni muhim deb bilamiz”, dedi Mishustin.
Bosh vazir Zandanshatar Mishustin bilan rus tilida gaplashmadi. U o‘zining kirish so‘zini ona tilida so‘zladi.
“Men siz bilan teng huquqli munosabatlarni, shuningdek, mamlakatlarimiz o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirishni istardim. Biz bu yo‘lda harakat qilamiz”, dedi Zandanshatar mo‘g‘ul tomonining pozitsiyasini o‘z ona tilida. Uning tarjimoni bu gaplarni rus tiliga tarjima qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonga Tojikistonda rus tiliga ko‘rsatayotgan e’tibori va qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorlik bildirgandi.
Live
Barchasi