Mudofaa vazirligi ofitserlari ustamasi 2 baravar oshiriladi
Jamiyat
−
16 aprel 2745 3 daqiqa
O‘zbekistonda Mudofaa vazirligi ofitserlari ustamasi ikki baravar oshiriladi. Bu haqda bugun, 16 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, 9 may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan axborot berilishi chog‘ida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, armiyaning jangovar shayligi va tayyorgarligini rivojlantirish, shaxsiy tarkibga yangi tizim asosida ta’lim berish va kasbga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berilgan.
Xususan, jangovar shaylik yo‘nalishida qo‘shinlarda majmuaviy strategik va qo‘mondonlik shtab o‘quvlari, yig‘in, dala chiqishlari va o‘quv kurslari tizimli ravishda o‘tkazib kelinayotgani, bunda shaxsiy tarkibda axloqiy-ruhiy, real jangovar vaziyatlarda qo‘rquv va emotsiyalarni boshqarish hamda dadil harakatlana olish kabi muhim jangovar sifatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etilgan.
Zamonaviy jangovar harakatlar tahlilidan kelib chiqib, barcha o‘quv, trening va mashg‘ulotlarda jang olib borishning yangi usul va shakllari o‘zlashtirilayotgani, bo‘linmalarning mobilligini, jangovar imkoniyatlarini va qo‘yilgan vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatini oshirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani yuzasidan axborot berilgan.
Taqdimotda rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ham ko‘rib chiqilgan. Qayd etilishicha, dunyoda yuz berayotgan harbiy mojarolar tahlili urush davridagi safarbarlik ehtiyojlaridan kelib chiqib, tinchlik davrida harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan ofitserlar zaxirasini shakllantirish va ularni mutaxassisliklar bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlash dolzarb vazifa ekanini ko‘rsatmoqda.
Hozirgi kunda 4 ta oliy ta’lim va 2 ta oliy harbiy ta’lim muassasasining harbiy tayyorgarlik o‘quv markazlari va fakultetlarida 42 ta mutaxassislik bo‘yicha rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlanmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda Urganch, Termiz, Andijon davlat universitetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Andijon davlat tibbiyot institutida yana 5 ta harbiy tayyorgarlik o‘quv markazini tashkil etish taklif qilingan.
Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalarida qo‘shimcha ravishda “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha 3 yillik bakalavriat ta’limi asosida rezerv va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Harbiy tibbiyot institutida esa ilk bor klinik ordinatura va magistraturaga qabul qilingan hamda harbiy tayyorgarlikdan o‘tish istagini bildirgan talabalar to‘lov-kontrakt asosida o‘qitiladi. Bunday imkoniyat nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun ham yaratiladi.
Bugungi kunda dolzarb bo‘lgan sun’iy intellekt, dron, robototexnika kabi zamonaviy va tor mutaxassisliklar bo‘yicha ham zaxira ofitserlari tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari uchun ilg‘or xorijiy armiyalar tajribasi asosida yangi o‘quv reja va dasturlar ishlab chiqiladi.
Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Joriy yil 13 yanvar kuni Prezident, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida mazkur masala ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Jumladan, Mudofaa vazirligi ofitserlariga xizmat yillari uchun to‘lanadigan har oylik ustama miqdori ikki baravarga oshirish, kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik pul ta’minotini 10 foizga ko‘paytirish taklif qilingan.
Prezident takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularning ijrosi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, harbiy xizmat nufuzi va jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidlagan hamda tegishli hujjatlarni imzolagan.
Live
Barchasi