Mudofaa vaziri Prezidentga hisobot berdi
Jamiyat
−
26 fevral
21749Bugun, 26 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot berildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonovning qo‘yilgan vazifalar bajarilishi va qo‘shinlarning jangovar shayligini va qobiliyatini oshirish, ularni zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnika bilan ta’minlash, serjantlar korpusining faoliyatini takomillashtirish va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida hisoboti tinglandi.
Qayd etilishicha, qisqa vaqt ichida qo‘shinlarning jangovar shayligini oshirish va harbiy xizmatchilarni tayyorlash, harbiy qismlar va bo‘linmalarda harbiy intizomni mustahkamlashga doir normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilgan.
“Qo‘shinlar faoliyatini raqamlashtirish vazifalariga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shinlarni boshqarishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish hamda aloqa tizimini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar qayd etildi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Qurolli kuchlar tuzilmasini takomillashtirish, milliy armiyani zamonaviy qurol-aslahalar va harbiy-texnik vositalar bilan ta’minlash hamda mudofaa sanoati kompleksini rivojlantirish zarurligi ta’kidlangan.
Yakunda Shavkat Mirziyoyev tomonidan Qurolli kuchlar faoliyatini yanada takomillashtirish va mamlakatning mudofaa qobiliyatini oshirish yuzasidan qo‘shimcha topshiriqlar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 12 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida Xavfsizlik kengashining Qurolli kuchlar va harbiy-ma’muriy sektorlarning 2023 yildagi faoliyati yakunlari va yaqin istiqbolga mo‘ljallangan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tgandi.