Muddati o‘tgan dorilarni sotgan ikki dorixona rahbarlari ushlandi

3-sahifa

−

image

Namangan viloyatining Pop va Chust tumanlarida ikki dorixona rahbarlari sifati kafolatlanmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni savdoga qo‘ygani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Pop tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda “N.M.” MCHJ rahbari M.A. ning (muqaddam sudlangan) “Sumalak guzari” MFY hududidagi dorixonada sifati kafolatlanmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni savdoga qo‘ygani aniqlangan. Undan 203 turdagi 2 453 quti dori vositalari va tibbiy buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shuningdek, departamentning Chust tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “X.N.” MCHJ rahbari Sh.S. ning “Istiqlol” MFY hududidagi dorixonada sifati kafolatlanmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari hamda tibbiy buyumlarni savdoga qo‘ygani aniqlangan. Undan 648 turdagi 3 859 quti dori vositalari va tibbiy buyumlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Bildirilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-12-moddasi (Sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy jihozlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namanganda 502,7 mln so‘mlik davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dorilar muomalaga kiritilishining oldi olingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing