Mubashshir Ahmadning sudi keyinroqqa qoldirildi
3-sahifa
−
21 avgust 6828 2 daqiqa
Diniy olim va bloger, “Azon Global” axborot-tahliliy portali asoschisi Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ga oid sud ishi ayrim guvohlar kelmagani uchun shu yilning 8 sentyabr kuniga qoldirildi. Bu haqda “Azon Global” xabar berdi.
Qayd etish joiz, 19 avgust kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudida Mubashshir Ahmadga oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni boshlangandi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov esa ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlardan mazkur ish doirasida sudga nisbatan ijtimoiy bosim ehtimolini yuzaga keltirishdan tiyilishini so‘ragandi.
Uning qayd etishicha, sudlanuvchi aybsizlik prezumpsiyasiga asosan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan ayblari aniqlanmaguncha aybsiz hisoblanadi. Shu bois, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilaridan Alisher Tursunovning aybli yoki aybsizligi yuzasidan turli taxmin va shubha-gumonlarga berilmasliklari, shoshma-shosharlik bilan xulosa chiqarmasliklari so‘ralgan. Chunki sudlanuvchining ayblilik masalasiga faqatgina sud tomonidan huquqiy baho beriladi.
Alisher Tursunovga nisbatan Jinoyat kodeksining 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) va 244-3-moddasi (diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil may oyida Alisher Tursunov Istanbulning Bohchashehir mavzeidagi uyidan gumonlanuvchi sifatida olib ketilgani haqida xabar berilgan edi. Keyinchalik, ijtimoiy tarmoqlarda Tursunov Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Alisher Tursunovni Turkiyadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinganini rasman tasdiqlagandi.
Live
Barchasi