Muammoga aylangan “perevod”. Bo‘lajak shifokorlar SSVdan nega norozi?

Jamiyat

image

QALAMPIR.UZ tahririyatiga bir guruh talaba va fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatda aytilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi respublika tibbiyot oliygohlari talabalari o‘qishini ko‘chirish va tiklash masalasi hali hamon hal bo‘lmagan. Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizomda belgilangan oxirgi muddat, ya’ni 30 avgust o‘tib ketganiga bir oydan oshgan bo‘lsa-da, hanuzgacha talabalar o‘qishini ko‘chirish va tiklash natijalari e’lon qilinmayapti.

Shuningdek, murojaatchilarning ta’kidlashicha, tibbiyot OTMlariga ariza bergan talabalarning so‘rovlariga bugungi kunga qadar SSV tomonidan aniq javob berilmayapti. Bundan tashqari, hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘zi ham respublika tibbiyot oliygohlari talabalari o‘qishini ko‘chirish va tiklash  masalasi bo‘yicha aniq qaror nega kech qolayotgani haqida rasmiy ma’lumot bermagan.

Bu haqda qonunchilikda nima deyilgan?

Ma’lumki, oliy ta’lim muassalari talabalari boshqa bir oliy ta’lim muassasasiga yoki o‘sha muassasa doirasida mos va turdosh yo‘nalishlar hamda mos mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash huquqiga ega.

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyunda qabul qilingan 393-sonli qarori bilan “Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlangan.

Ushbu Nizomning 15-bandiga ko‘ra, OTMlar talabalarining o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni topshirish va ko‘rib chiqish quyidagicha amalga oshiriladi:

•  o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha arizalarni taqdim etish — har yili 15 iyuldan 5 avgustga qadar;
•  arizalarni oliy ta’lim muassasasi, tegishli vazirlik (idora) yoki Davlat komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish — har yili 5 avgustdan 30 avgustga qadar amalga oshiriladi.

Xususan, talabalar o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklashda oliy ta’lim muassasalari, tizimida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirliklar va idoralar O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi  qarorlari asosida amalga oshiriladi.

E’tiborli jihati shundaki, o‘qishni tiklash maqsadida ariza topshirgan talabalarning bilim olishi masalasi nima bo‘ladi, oligohlarda dars boshlanganiga bir oydan oshdi. O‘qishini tiklay olmagan talabalar o‘tkazib yuborgan dars mashg‘ulotlarini qanday o‘zlashtiradi? Bu masalalarni SSV o‘ylab ko‘rganmikan?

Bundan tashqari, ularning to‘lov-kontrakt masalasi nima bo‘ladi, vaholanki kontrakt talabaning to‘liq o‘quv yili uchun to‘lanidi-ku? Vaqtida o‘qishi tiklanmayotgan talabalarga kontrakt to‘lovida vazirlik chegirma qilib berarmikan?

Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarning murojaati yuzasidan izoh berib, yuqorida keltirilgan savollarga javob berishini kutib qolamiz.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

246

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing