Muhojir bolalarga AQSHdan chiqib ketishi uchun pul taklif etilmoqda – “Bloomberg”

Olam

−

image

Donald Tramp ma’muriyati AQSHdan o‘z ixtiyori bilan chiqib ketishi uchun 5 yoshdan oshgan migrant bolalarga 3000 dollardan taklif qila boshladi. Bu haqda advokatlar va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlariga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

Ikkita yuridik tashkilot rahbarlarining so‘zlariga ko‘ra, bunday takliflarni Immigratsiya va bojxona politsiyasi (ICE) yuristlari ham, immigratsiya sudyalarining o‘zlari ham bildirmoqda. “Acacia Center for Justice” rahbari Shayna Eyberning ma’lum qilishicha, so‘nggi bir oy davomida butun mamlakat bo‘ylab kichik yoshdagi bolalar, ba’zan advokatsiz, bunday takliflarni olayotgani haqida xabarlar kelib tushgan. Ba’zida sudyalar bu taklif bir martalik ekani va o‘ylab ko‘rishga imkon berilmasligidan ogohlantirmoqda. Eyber shunday deydi:

“Bolalardan 3000 dollar evaziga, masalan, boshpana so‘rash huquqidan voz kechish kabi juda muhim qarorni aynan voqea joyida qabul qilishni so‘rashmoqda”.

Vashingtondagi “Amica Center for Immigrant Rights” direktori Maykl Lyukensning xabar qilishicha, uning tashkiloti va butun mamlakat bo‘ylab hamkasblari ICE yuristlaridan bolalarga “3000 dollarlik rag‘bat” taklif qilingan xatlar olgan. Shu hafta ulardan biri uning 11 yoshli mijozi ishi bo‘yicha kelgan. “CBP Home” ilovasi orqali o‘zini deportatsiya qilish uchun Chegara xizmati (CBP) allaqachon 3000 dollardan to‘lamoqda, ammo sudlarda bu amaliyotning 14 yoshdan kichik bolalarga nisbatan qo‘llanilishi haqida yuristlar ilgari eshitmagan.

Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, iyul holatiga bo‘yicha immigratsiya sudlarida hamrohsiz bolalarning 16,5 mingdan ortiq ko‘rib chiqilmagan ishlari qolmoqda. Sudyalar ularga advokat topish va boshpana so‘rab murojaat qilish vaqtini qisqartirmoqda, kechiktirishlar esa 21 kun bilan cheklangan. Shu bilan birga, iyul oyida bunday bolalar manfaatlarini himoya qiluvchi yuridik tashkilotlarning federal moliyalashtirilishi tugagan.

May oyida Brukings instituti Tramp davridagi keng ko‘lamli deportatsiyalar sababli Amerika fuqaroligiga ega 145 mingga yaqin bola kamida ota-onasidan biridan ayrilganini hisoblagan. Tadqiqotchilarning baholashicha, 2025 yil yanvardan 2026 yil aprelgacha ICE 400 mingga yaqin chet ellikni qo‘lga olgan bo‘lib, bu jarayondan jabr ko‘rgan bolalarning 36 foizi olti yoshdan kichiklardir.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing