Muhim! O‘zbekiston davlat qarzining chegarasini belgiladi
Jamiyat
−
01 may 2023
16781O‘zbekistonda Davlat qarzi yalpi ichki mahsulotning 60 foizidan ko‘p bo‘lmasligi kerak etib belgilandi. Bu bo‘yicha “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi Qonun Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.
Qonun bilan davlat organlarining davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatlari belgilandi. Unga ko‘ra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat qarzini boshqarish sohasidagi vakolatli organ hisoblanadi.
Qonunga ko‘ra, davlat qarzini boshqarish quyidagilardan iborat:
- davlat qarzini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish;
- davlat tomonidan mablag‘ jalb etish;
- davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘larni boshqarish;
- davlat qarzi bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish;
- davlat qarzini restrukturizatsiya (strukturasini o‘zgartirish) qilish;
- davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘larni qaytadan kreditlash;
- davlat kafolatini rasmiylashtirish va taqdim etish;
- davlat qarziga oid shartnomalarni va davlat kafolatlarining ro‘yxatini yuritish;
- davlat qarzining hisobi va hisobotini yuritish;
- davlat qarzi bo‘yicha xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash va davlat kafolatlarini bajarish.
Shunga ko‘ra, davlat qarzini boshqarish strategiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan fiskal strategiya bilan birgalikda 3 yil muddatga tasdiqlanadi.
Davlat qarzi ichki va tashqi qarzni o‘z ichiga oladi hamda qisqa (1 yilgacha), o‘rta (1 yildan 5 yilgacha), uzoq muddatli (5 yil va undan ortiq muddatga) bo‘lishi mumkin.
Belgilanishicha, davlat qarzining eng yuqori miqdori yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerak.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach, kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston davlat qarzi 2022 yilda rekord daraja – 29,2 mlrd dollarni tashkil qilgan. O‘tgan yilning to‘rtinchi choragida davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,4 foizga yetgan.
LiveBarchasi