Muhammad Saloh “Liverpul”dan norozi bo‘lmoqda
Sport
−
24 Oktabr 2591 2 daqiqa
“Liverpul” hujumchisi Muhammad Saloh jamoasining so‘nggi o‘yinlarda zaxirada qoldirilganidan so‘ng, jamoadan norozi bo‘ldi. Saloh o‘zining X va Instagram sahifalaridan klubga oid ayrim ma’lumotlarni olib tashlagan. Bu haqda “talkSPORT” nashri xabar berdi.
Misrlik futbolchi Chempionlar ligasida “Ayntraxt”ga qarshi kechgan (5:1) uchrashuvda zaxira o‘rindig‘ida qoldirilgan edi. Ketma-ket mag‘lubiyatlardan so‘ng Arne Slot jamoasi aynan shu o‘yinda g‘alabaga erishdi. Saloh o‘rniga o‘yinni Ugo Ekitike boshladi va birinchi golni urib, o‘zini ko‘rsatdi. Saloh esa o‘yinning 74-daqiqasida maydonga tushgan bo‘lsa-da, o‘yinni hafsalasiz kayfiyatda yakunladi.
Salohning bu harakati “Liverpul”dagi holatidan norozi ekanidan dalolat beradi. 33 yoshli futbolchi avval ham o‘yinidagi pasayish sababli tanqid ostida qolgan edi. U bu mavsumda 12 o‘yinda maydonga tushib, atigi 3 ta gol urdi va 1 ta golli uzatma amalga oshirdi. Bu uning so‘nggi sakkiz mavsumdagi eng past natijasi hisoblanadi.
“Liverpul”ning sobiq futbolchisi Jeymi Karrager esa murabbiy Slotning qarorini to‘g‘ri deb hisoblaydi:
“Agar u avvalgidek o‘ynamayotgan bo‘lsa, zaxiraga qoldirilishi tabiiy. 33 yoshda u ham dam olishga muhtoj”, deydi Karrager.
Sobiq futbolchi va ekspert Ian Rayt esa Salohning o‘yini Trent Aleksandr-Arnoldning “Real Madrid”ga ketganidan so‘ng pasayganini aytib, u endi avvalgidek yordam ololmayotgani, shuning uchun o‘yinida pasayish sezila boshlagan, degan fikrda.
Ma’lumot uchun, Muhammad Saloh o‘tgan mavsum APLda 38 ta uchrashuvda maydonga tushib, 29 ta gol va 18 ta golli uzatma bilan mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan edi.