MSK: partiyalar ovoz to‘plashga kirishdi

Jamiyat

image

Siyosiy partiyalar o‘z nomzodini ko‘rsatish uchun o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi minimum ovozni yig‘ishni boshladi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Kecha, 24 sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy saylov komissiyasining a’zolari, siyosiy partiyalar vakillari ishtirok etdi. Majlis kun tartibidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakilini ro‘yxatga olish masalasi o‘rin oldi.

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 34-moddasiga asosan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.

Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 11 sentyabrdagi 935-son qarori bilan tasdiqlangan “Siyosiy partiyaning vakolatli vakili to‘g‘risida”gi nizomga muvofiq – Siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e’lon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda o‘z vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.

Ma’lumki, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2019 yil 20 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi boshlanishini e’lon qilish to‘g‘risida 944-son qaror qabul qilindi va shu kundan boshlab saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilindi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston siyosiy maydonida faoliyat olib borayotgan beshta siyosiy partiya rahbarlari o‘z vakolatli vakillarini tayinlab, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qildi va tegishli hujjatlarni taqdim etdi.

Markaziy saylov komissiyasi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi rahbarlari tavsiya etgan vakolatli vakillarga tegishli xujjatlarni ko‘rib chiqib, vakolatli vakillarni ro‘yxatga olish hamda ularga belgilangan shakldagi guvohnoma (mandat)ni berish haqida qaror qabul qildi.

Saylov kodeksiga asosan siyosiy partiya o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida 40 000 saylovchining imzosini to‘plagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkinligi va imzo varaqalarining blankalari saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingandan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilishi belgilangan.

Tadbirda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga ularning ro‘yxatga olinganligi haqidagi guvohnomalar hamda saylovchilarning imzolarini to‘plashlari uchun belgilangan namunadagi imzo varaqalari topshirildi.


Maqola muallifi

Teglar

saylov partiya imzo

Baholaganlar

6

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing