MSC'da nimalar bo‘lyapti? Germaniya va AQSH rasmiylari bir-birini tanqid qildi

Olam

image

AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens Myunxen xavfsizlik konferensiyasida (MSC) Yevropa davlatlarining migratsiya, so‘z erkinligi va xavfsizlik sohasidagi siyosatini tanqid qildi.

“Yevropa uchun meni eng ko‘p tashvishlantirayotgan tahdid bu Rossiya yoki Xitoy yoki boshqa tashqi aktor emas. Men ichkaridan kelayotgan tahdid, Yevropaning AQSH bilan baham ko‘rgan eng muhim qadriyatlaridan chekinishidan xavotirdaman”, dedi u.

AQSH vitse-prezidenti, shuningdek, “xavfsizlik devori qurmaslik” va “kelajakdan qo‘rqmaslik”ga chaqirdi.

Avvalroq u Amerikaning “The Wall Street Journal” nashriga bergan intervyusida Myunxenda nemis siyosatchilariga barcha partiyalar, jumladan “Germaniya uchun alternativ” bilan hamkorlik qilishga chaqirishni rejalashtirayotganini aytgandi.

“Afsuski, ko‘plab yevropalik do‘stlarimiz saylovchilarning xohish-irodasini e’tiborsiz qoldirdi”, degan u jurnalistlarga.

Uning so‘zlariga javoban Germaniya hukumatining rasmiy vakili Shteffen Xebstreyt “do‘st davlatning ichidagi siyosiy bahs-munozaralarni to‘liq anglab yetmasdan uning ichki ishlariga aralashmaslik”ga chaqirdi.

O‘z navbatida, “Germaniya uchun alternativ” partiyasidan Germaniya kansleri lavozimiga nomzod Alis Vaydel X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida Vencning MSC'dagi nutqini “a’lo” deb atagan.

Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius esa Myunxen xavfsizlik konferensiyasida AQSH vitse-prezidentining Yevropadagi so‘z erkinligi haqidagi so‘zlarini tanqid qildi.

“Agar men uni to‘g‘ri tushungan bo‘lsam, u Yevropaning ba’zi qismlaridagi sharoitni avtoritar rejimlar sharoitiga qiyoslayapti. Bu qabul qilib bo‘lmaydigan narsa va bu men yashayotgan va men hozir bo‘lgan Yevropa va demokratiya emas”, dedi Pistorius. 

Federal vazirning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya demokratiyasida “har qanday fikr bildirilishi mumkin”, bu “Germaniya uchun alternativ” kabi qisman ekstremistik partiyalarga boshqa partiyalar kabi mutlaqo normal kampaniya o‘tkazish imkonini beradi”. Pistorius, shuningdek, “Germaniya uchun alternativ”dan Germaniya kansleri lavozimiga nomzod Elis Vaydel 13 fevral kuni bu lavozimga boshqa da’vogarlar qatorida nemis televideniyesida nutq so‘zlaganini eslatdi.

O‘z navbatida, Germaniya Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatini qo‘pollikda, belgilangan qoidalar, hamkorlik va ishonchni buzganlikda aybladi.

“Amerikaning yangi ma’muriyati biznikidan boshqacha dunyoqarashga ega”, dedi u MSC'da.

Frank-Valter Shtaynmayer Tramp ma’muriyatining dunyoqarashi “yagona dominant paradigma”ga aylanib qolmasligini ta’minlash xalqaro hamjamiyat manfaatlariga mos kelishini qo‘shimcha qildi.

“Qoidalarning yo‘qligi dunyoni qayta tashkil etish tamoyiliga aylanmasligi kerak. Bu biznes modeli emas va bu halokat uchun o‘yin maydonchasi emas”, dedi u.


Maqola muallifi

Teglar

Germaniya AQSh Donal'd Tramp Frank-Val'ter Shtaynmayer Myunxen xavfsizlik konferentsiyasi Boris Pistorius Jeyms Devid Vens MSC

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing