Mojaroli Prezident “Yil odami” deb topildi

Olam

image
0:00
0:00
download

Amerikaning “Time” jurnali o‘quvchilari talqiniga ko‘ra, Braziliya Prezidenti Jair Bolsonaru “2021 yil odami” deb topildi.

“2022 yilda prezidentlikka qayta saylanishni niyat qilgan mojaroli rahbarning iqtisodiy chora-tadbirlari norozilikka duchor bo‘lmoqda, shuningdek, davlat rahbari COVID-19 ni u qadar jiddiy qabul qilmagani va vaksinalarga shubha bilan qaragani uchun siyosatchilar, sudlar va tibbiyot sohasi ekspertlarining jiddiy tanqidiga uchramoqda”, deya Bolsonaruga ta’rif bergan “Time” tahririyati.

So‘rovnomada qatnashgan 9 million o‘quvchidan 24 foizi Jair Bolsonaruni yoqlab ovoz bergan.

Keyingi o‘rinlarda AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp 9 foiz ovoz bilan ikkinchi, tibbiyot mutaxassislari 6,3 foiz ovoz bilan uchinchi, rossiyalik huquqshunos, korrupsiyaga qarshi kurashgan Aleksey Navalniy 6 foiz ovoz bilan to‘rtinchi o‘rinni band qilgan bo‘lsa, COVID-19 ga qarshi vaksinalarni ishlab chiqargan olimlar 5,3 foiz ovoz bilan ro‘yxatni yakunlab berdi.

Yaqinda Bolsonaru Braziliya Oliy sudi tomonidan tanqid qilingandi. Chunki u joriy yilning 24 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida koronavirusga qarshi emlanish OITS bilan kasallanishga olib kelishi mumkinligi haqida post paydo bo‘lgach, buni xakerlar hujumi ekanini aytib, hodisa yuzasidan tergov boshlashni buyurgandi. Xabar Prezidentning Facebook va Instagram sahifalarida e’lon qilinib, bir necha kun o‘tib o‘chirib tashlangan.

Braziliya Senatining oktyabr oyidagi hisobotida Prezidentning pandemiya davrida xato olib borgan siyosati oqibatida 600 000 dan ortiq odam halok bo‘lgani yuzasidan bir nechta jinoiy ayblovlar qo‘yish tavsiya etilgan. Bolsonaru barcha ayblovlarni rad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, “Time” onlayn so‘rovnomasi natijalari odatda tahririyat tanlovi bilan bir xil bo‘lmaydi. 2020 yilda o‘quvchilar hayotiy muhim ahamiyatga ega xizmatlarni ko‘rsatuvchi xodimlarni eng yuqori baholagan, tahririyat esa o‘sha paytda saylangan AQSH Prezidenti Jo Bayden va vitse-prezident Kamala Xarrisni ma’qullagan.

“Time” nashri tomonidan 2021 yilning “eng yaxshi odami” 13 dekabr kuni e’lon qilinadi.

Doston Iskandarov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

67

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing