Moskvaning “jag‘i ochildi”: AQSH Markaziy Osiyoda harbiy baza ochishi yana nishonda

Olam

image

Markaziy Osiyoga xorijiy harbiy bazalarni joylashtirish xavfi har qanday imtiyozlardan oshib tushadi va Afg‘onistondagi yirik infratuzilma loyihalariga chek qo‘yadi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari uchinchi bo‘limi direktori Aleksandr Sternik aytdi.

“Chet el harbiy bazasi xavfi har qanday imtiyozlardan oshib ketadi. Keyin Afg‘onistondagi gaz quvurlari, elektr uzatish liniyalari, transport yo‘laklarini yotqizish bilan bog‘liq yirik loyihalarga chek qo‘yishimiz kerak bo‘ladi”, deydi Sternik Rossiya xalqaro tadqiqotlar uyushmasining XIII yig‘ilishida.

Aleksandr Sternikka ko‘ra, AQSH harbiy bazalarining Markaziy Osiyo davlatlariga joylashtirilishi mintaqa davlatlarini nishonga olish uchun yetarli resurslarga ega bo‘l “Tolibon”ning javob choralar ko‘rishiga olib kelishi mumkin.

“Terrorizmga qarshi harakatlar bahonasida harbiy va razvedka maqsadlarida ittifoqchilarimizga ko‘rsatilayotgan bosimni o‘ta xavfli deb hisoblaymiz”, deydi u.

Rossiya TIV vakilining so‘zlariga ko‘ra, toliblar, allaqachon Tojikistonga tahdid qilmoqda. 

“Aslida, Vashington markaziy osiyoliklarning orqasida yashiringan holda, ularni “Tolibon”ning javob zarbalariga duchor qilishi mumkin. Toliblarda ularni nishonga olish uchun yetarli resurslar mavjud. Ular, allaqachon Tojikistonga tahdid qilmoqda”, deydi Sternik.

Qayd etish kerakki, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov MDH davlatlari Tashqi ishlar vazirlari kengashida AQSHning terrorchilikka qarshi harbiy kuchlarini O‘zbekistonga joylashtirish masalasi muhokama mavzusi emasligini ta’kidlagan

Ma’lumot o‘rnida, Markaziy Osiyo mintaqasiga O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kiradi.

Eslatib o‘tamiz, “Politico” nashri AQSH Kongressidagi manbasiga tayanib, Pentagon aksilterror kuchlarini O‘zbekistonga joylashtirish bo‘yicha muzokara o‘tkazishini xabar qilgandi.

Gap AQSH harbiylariga Afg‘onistondagi nishonlarni yaxshiroq kuzatish va ularga zarba berishi uchun chegara ortidagi aksilteror kuchlari haqida bormoqda.

Mazkur xabarlarga Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati ham munosabat bildirib, Pentagon bilan muzokara o‘tkazilishi haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligini bildirdi.

Shu o‘rinda, 2012 yilda qabul qilingan Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi va mudofaa to‘g‘risidagi qonunni eslab o‘tish kerak. Bu ikki muhim hujjatga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy harbiy bazalarning joylashtirilishi mumkin emas. Bundan tashqari, Respublika hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga ham qo‘shila olmaydi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

625

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made