Moskvaga 8 kun ichidagi to‘rtinchi dron hujumi uyushtirildi
Olam
−
01 avgust 2023
9912Bugun, 1 avgustga o‘tar kechasi Moskvaga yana dron hujumi uyushtirildi. Bu haqda “Lenta.ru” xabar berdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi dron hujumi to‘xtatilgani, Moskva viloyati osmonida ikkita qurilma yo‘q qilingani, yana biri “Moskva Siti” majmuasi hududiga qulaganini ma’lum qilgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, “City IQ” minorasida uchuvchisiz samolyot hujumi oqibatida binodagi 150 metrlik oyna singan.
Moskva viloyatidagi Odinsovo va Naro-Fominsk shaharlari aholisidan uchuvchisiz samolyotlar va havo mudofaasi tizimining ishlashi haqidagi birinchi xabarlar taxminan soat 3:30 da kela boshlagan. Shuningdek, Moskva yaqinidagi Kubinka shahri aholisi ham osmonda portlash ovozlari eshitilayotganini aytgan.
Keyinroq favqulodda xizmatlar Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari Moskva viloyatida bitta uchuvchisiz uchish apparatini urib tushirgani haqida xabar bergan. Qurbonlar va jarohat olganlar haqida ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya poytaxti Moskvaga 24, 28 va 30 iyul kunlari ham dronlar hujumi uyushtirilgandi. Kecha, 31 iyul kuni mansabdor shaxslar, rahbarlar va boshqa xodimlarga ixtiyoriy ravishda masofadan ishlash taklif qilindi. Chunki 30 iyul kuniga o‘tar kechasi “Moskva Siti”ning Raqamli rivojlanish vazirligi joylashgan “IQ-kvartal” minorasining 11 va 12-qavatlariga dron kelib urildi. Shuningdek, ushbu binoda Iqtisodiy rivojlanish vazirligi, Sanoat va savdo vazirligi va boshqa vazirliklar joylashgan.
LiveBarchasi