Moskvadagi terakt ortidan To‘qayev xavfsizlik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi
Olam
−
23 mart
9841Moskvadagi terakt ortidan bugun, 23 mart kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev mamlakat Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan yig‘ilish o‘tkazadi. Bu haqda mamlakat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
“Bugun Qosim-Jomart To‘qayev Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan Rossiya Federatsiyasidagi terakt bilan bog‘liq chora-tadbirlar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazadi. Unda Qozog‘istonda xavfsizlikni kuchaytirish masalasi ko‘rib chiqiladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Qirg‘iziston poytaxtida Bishkek shahar Ichki ishlar boshqarmasi rahbari ishtirokida favqulodda yig‘ilish o‘tkazilgan.
"Moskvada yuz bergan fojiali voqealar sabab Bishkek hokimiyati shaharda xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirishga qaror qildi. Poytaxt ichki ishlar organlarida fuqarolar va poytaxt mehmonlari xavfsizligini ta’minlashga bag‘ishlangan tezkor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi", deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda politsiya xodimlariga shahardagi odamlar to‘planadigan joylar, savdo-ko‘ngilochar markazlar va boshqa manzillarda nazoratni kuchaytirish topshirig‘i berilgan. Bundan tashqari, ommaviy tadbirlar paytida ham sergaklikni oshirish masalasi ko‘rib chiqilgan.