Moskvadagi terakt qurbonlari soni 100 ga yaqinlashdi

Olam

image

“Krokus Siti Holl” ko‘ngilochar majmuasida sodir etilgan terakt oqibatida halok bo‘lganlar soni 93 kishiga yetdi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Rossiya Tergov qo‘mitasining tergovchilari, kriminologlari va ekspertlaridan iborat guruh jinoyat ishi bo‘yicha tergovning batafsil rejasiga muvofiq voqea joyida faoliyatini davom ettirmoqda.

Favqulodda vaziyatlar xizmatlari vayronalarni tozalash, videokuzatuv kameralaridagi yozuvlarni o‘rganish, konsert zali binolarini tekshirish va ashyoviy dalillarni olib qo‘yish davom etmoqda.

“Ayni paytda qurbonlar soni 93 kishiga yetgani aniqlangan. Halok bo‘lganlar soni yanada ortishi mumkin. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘limga o‘q jarohatlari va yonish mahsulotlaridan zaharlanish sabab bo‘lgan”, deyiladi xabarda.

Konsert zalining binolarini tekshirishning dastlabki natijalariga ko‘ra, terrorchilar hujum vaqtida avtomat qurollardan foydalangan. Ayni paytda ashyoviy dalil asosida ballistik, genetik va barmoq izlari ekspertizalari o‘tkazilmoqda.

Shuningdek, terrorchilar tomoshabinlar, jumladan, yaradorlar bo‘lgan konsert zalining binolariga o‘t qo‘yish uchun tez yonuvchi suyuqlikdan foydalangani aniqlangan.

Ayni paytda Moskva viloyati Sog‘liqni saqlash vazirligi “Krokus Siti Holl”dagi teraktdan so‘ng halok bo‘lganlar ro‘yxatini e’lon qildi. Unga shaxsini aniqlash mumkin bo‘lgan birinchi 37 kishi kirdi.

Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobevning aytishicha, Moskva hukumati teraktda halok bo‘lganlar va jarohatlanganlarning oilalariga to‘lovlarni amalga oshirishga qaror qilgan.

“Jabrlanganlarning qarindoshlari uchun har biriga 3 million rubl, shifoxonada yotgan jabrlanganlar uchun har biriga 1 million rubl, ambulator yordam olgan jabrlanuvchilar uchun har biri 500 ming rubldan. Moskva viloyatida ro‘yxatga olingan, otasi yoki onasi fojiada vafot etgan bolalarga ham oylik to‘lovlar beriladi. Bundan tashqari, biz barchaga dafn qilish xarajatlarini majburiy ravishda to‘lab beramiz va barcha huquqiy masalalarni hal qilamiz”, deydi gubernator.


Maqola muallifi

Teglar

Moskva terakt Krokus Siti Holl

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing