Moskvadagi ommaviy mushtlashuvda o‘zbekistonliklar ham ishtirok etganmi?
Jamiyat
−
13 iyul 2021
9252Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning poytaxti Moskva shahridagi ommaviy mushtlashuvda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etmagan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi ma’lum qildi.
“Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskvadagi vakolatxonasi xodimlari mamlakatimizning ushbu davlatdagi elchixonasi vakillari bilan birgalikda voqea joyiga bordi. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan muloqotda bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ommaviy mushtlashuvda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etmagan”, deyiladi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 12 iyul kuni Moskva shahri Zelenodolsk ko‘chasida Markaziy Osiyodan kelgan migrantlar o‘rtasida ommaviy mushtlashuv bo‘lib o‘tdi. Ma’lum bo‘lishicha, ommaviy mushtlashuvga joriy yilning 11 iyul kuni qirg‘izistonlik ikki fuqaroning pichoq zarbasi bilan jarohatlangani sabab bo‘lgan.
Yuqoridagi tartibsizlikdan so‘ng 100 dan ortiq odam hibsga olingan. Hozirda ularning janjalga aloqadorligi tekshirilmoqda, ismlari ma’lumotlar bazasida ko‘rib chiqilmoqda.
Qayd etish kerakki, ba’zi manbalar ushbu mojaro tojikistonlik va qirg‘izistonliklar o‘rtasida kelib chiqqan desa, boshqalari esa, aksincha, mushtlashuv o‘zbekistonlik va qirg‘izistonliklar o‘rtasida bo‘lib o‘tganini qayd etgandi.
LiveBarchasi