Moskvada o‘zbekistonlik yigit zo‘rlashda gumon qilinmoqda
Olam
−
30 Oktabr
6927Rossiyaning Moskva shahri Tagan tuman sudi bog‘da qizga tajovuz qilib, uni zo‘rlashga uringanlikda ayblanayotgan O‘zbekiston fuqarosi M.X.ni hibsga oldi. Bu haqda “Lenta.ru” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, erkak ikki oyga, ya’ni joriy yilning 26 dekabrigacha tergov izolyatorida saqlanadi. Unga nisbatan Rossiya Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 131-moddasi 1-qismi (Zo‘rlashga urinish), 132-moddasi 1-qismi (Jinsiy xarakterdagi zo‘ravonlik harakatlari) va 161-moddasi 2-qismining “g” bandi (Hayot yoki sog‘liq uchun xavf tug‘dirmaydigan zo‘ravonlik ishlatish yoki bunday zo‘ravonlik bilan tahdid qilib talonchilik qilish) bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva bo‘yicha boshqarmasining ma’lum qilishicha, M.X. O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi. Joriy yilning 25 oktyabr kuni kechqurun u Moskvadagi bog‘da ilgari tanish bo‘lmagan qizga tajovuz qilib, uning qo‘lidan telefonini tortib olgan. Shundan so‘ng, u jabrlanuvchiga jinsiy xarakterdagi zo‘ravonlik harakatlarini amalga oshirib, uni zo‘rlashga uringan. Politsiya xodimlari uni voqea joyida qo‘lga olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri Nevskiy tumanida olti yoshli qizni urib yuborgan o‘zbekistonlik haydovchiga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi.
LiveBarchasi