Moskvada masjidlarga qilingan reyd ortidan miting o‘tkazildi
Olam
−
21 iyul 2023
12472Rossiyaning Moskva shahrida yuzlab odamlar politsiyaning masjidlarga bostirib kirishiga qarshi namoyishga chiqdi. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Qayd etilishicha, Rossiyaning turli hududlaridagi masjidlarda xavfsizlik kuchlari o‘tkazgan reydlar tufayli ko‘plab odamlar bugun, 21 iyul kuni tushdan so‘ng namoyishga chiqqan. Ular Moskvaning Zamoskvoreche tumani Bolshaya Tatarskaya ko‘chasi bo‘ylab tarixiy masjid yonidan “Tretyakov” metro bekatiga qadar harakatlangan. Politsiyaning namoyishchilarni hibsga olgani haqida ma’lumot yo‘q.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kecha, 20 iyul kuni ijtimoiy tarmoqlarda Moskvadagi shu masjidga namoyish uchun yig‘ilishga chaqiriqlar paydo bo‘lgan. Bundan avval, joriy yilning 7 iyul kuni OMON xodimlari Kotelnik shahridagi masjidga namoz vaqtida bostirib kirgan va namozxonlarga qarata o‘t o‘chiruvchilar purkagichi yordamida suv sepgan. Reyddan maqsad noqonuniy migrantlarni qidirish bo‘lgani aytilmoqda. Voqeadan so‘ng bir guruh fuqarolar Putinga murojaat yo‘llab, noroziligini bildirgan.
Bundan bir hafta o‘tib esa, 14 iyul kuni Moskva viloyatining Jerjinsk shahrida huquq-tartibot idoralari xodimlari hujjatlarni tekshirish vaji bilan masjidga kelib, ibodatni buzgan. Shuningdek, ular masjid ichiga oyoq kiyimlarini yechmay kirgani ortidan kichik janjal yuzaga kelgan.
Yuqoridagi ikki holatga nisbatan Dog‘iston va Checheniston rahbarlari Sergey Melikov va Ramzan Qodirov munosabat bildirib, masjidlarda uyushtirilgan reydlarni qoralagan.
Bugungi miting esa o‘sha voqealarga qarshi o‘tkazilgan. Namoyishlardan avval Moskva tarixiy masjidida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan, voqea joyida politsiya va Rosgvardiya xodimlari navbatchilik qilgan. Transport deportamenti esa fuqarolar “ruxsatsiz norozilik mitingi”ga chaqirilgani sababli taksi xizmatidan xodimlar bilan tushuntirish ishlarini kuchaytirishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, 19 iyul kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida bo‘lib o‘tgan “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” oliy darajadagi birinchi sammitida ishtirok etgan Shavkat Mirziyoyev sammit ishtirokchilarini dunyoda kuzatilayotgan islomofobiya holatlari bilan birgalikda kurashishga va bu borada Islom hamkorlik tashkiloti doirasida amaliy qadamlar qo‘yishga chaqirgan edi.
LiveBarchasi