Moskvada qariyalar va masofadan ishlovchilar uchun cheklovlar uzaytirildi
Olam
−
26 noyabr 2020
2652Moskvada 65 yoshdan oshgan fuqarolar va surunkali kasalligi bor odamlar uchun tavsiya etilgan o‘zini o‘zi izolyatsiya qilish rejimi hamda korxona xodimlarining 30 foizini masofadan ishlashga o‘tkazish talabi 2021 yilning 15 yanvarigacha uzaytirildi. Bu haqda Moskva meri Sergey Sobyanin ma’lum qilgan.
Shuningdek, shahardagi bolalar uchun dam olish maskanlari ham 15 yanvarga qadar yopiq bo‘ladi.
Avvalroq, o‘rnatilgan cheklovlar joriy yilning 29 noyabriga qadar amal qiladi, degan taxminlar mavjud bo‘lgan.
"Biz ushbu rejimda keyingi bir yarim oy davomida ham yashashimiz kerak. Hatto, Yangi yilni ham katta ehtimol bilan oilaviy bayram sifatida – uy sharoitida nishonlaymiz", deya ogohlantirgan shahar hokimi.
U moskvaliklarni "iloji boricha ehtiyot bo‘lishga va sog‘lig‘iga keraksiz xavf tug‘dirmaslikka" chaqirgan.
"Shunday qilib, biz birgalikda pandemiyaning oxirini yaqinlashtirmoqdamiz", degan Sobyanin.
Sobyanin cheklovlarning kengayishini hududda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolayotgani bilan izohlagan.
Unga ko‘ra, 16-22 noyabr kunlarida virus bilan kasallanganlar soni 2 foizga, shifoxonaga yotqizilganlar soni 3 foizga oshgan.
“Oktyabr oyi bilan taqqoslaganda, kasallanish u qadar tez o‘smagan. Ammo kasallanish darajasining pasayishiga o‘tish to‘g‘risida gapirishga hali erta. Sog‘liqni saqlash tizimi hali ham “juda og‘ir yuk bilan” ishlamoqda. Bunday vaziyatda mutaxassislar qo‘shimcha cheklovlar kerak emasligini, ammo amaldagi cheklovlarni bekor qilish ham mumkin emasligini aytishmoqda”, degan shahar hokimi.
25 noyabr kuni Moskvada kasallanishning kunlik o‘sishi 4 ming 685 tani tashkil etgan. 1 ming 648 nafar kishi shifoxonaga yotqizilgan. 73 nafar bemor vafot etgan.
Butun Rossiyada koronavirusga chalinganlar 2,19 mlndan oshgan. 38 ming 62 nafar bemor vafot etgan.
LiveBarchasi