Moskvada ikki oylik karantin cheklovlari e’lon qilindi
Olam
−
10 noyabr 2020
12563Rossiya poytaxti Moskvada joriy yilning 13 noyabridan 2021 yilning 15 yanvarigacha navbatdagi karantin cheklovlari joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, shahardagi oliy o‘quv yurtlari va kollejlar faoliyatini onlayn davom ettiradi. Tungi klublar va restoranlar faoliyatiga soat 23:00 dan keyin taqiq o‘rnatilmoqda. Bu haqda Moskva Hukumati tomonidan qabul qilingan qarorda so‘z boradi.
Moskva meri Sergey Sobyanin o‘z blogida Moskvada koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bog‘liq beqaror vaziyat tufayli pandemiyaga qarshi qo‘shimcha choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.
Ta’kidlanishicha, kecha, 9 noyabr kuni Moskvada pandemiya davridagi navbatdagi antirekord qayd etilgan. Unga ko‘ra, sutka davomida 6 897 ta yangi holat aniqlangan. Bu esa Moskvada jiddiy cheklovlarni ilgari surishga turtki bo‘lgan.
Joriy yilning 13 noyabridan 2021 yilning 15 yanvariga qadar davom etadigan karantin cheklovlari o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
• poytaxtdagi oliy o‘quv yurtlari va kollejlari masofadan o‘qitishga o‘tkaziladi;
• talabalarning transport kartalari vaqtincha bloklanadi;
• restoran va klublarga soat 23:00 dan 06:00 gacha mehmonlarni qabul qilishi taqiqlanadi;
(Ayni paytda tungi klublarda, barlarda, diskotekalarda, karaoke, bouling klublarida, karting markazlarida va boshqa joylarda ovqatlanish xizmatlari va ko‘ngilochar xizmatlarni taqdim etish to‘xtatilgan. Cheklov tovarlarni sotish va maishiy xizmatlarni ko‘rsatishda qo‘llanilmaydi. Korxonalar kecha-kunduz yetkazib berish yoki olib ketish uchun ishlashlari mumkin bo‘ladi).
• teatr, kino, konsert tomoshalarida zalning umumiy sig‘imi 25 foizdan ko‘p bo‘lmasligi kerak;
• tomoshabinlar ishtirokida ommaviy jismoniy tarbiya va sport tadbirlari shahar Sport boshqarmasi bilan kelishmay o‘tkazishga ruxsat berilmaydi;
• ko‘rgazma, madaniy, ma’rifiy, ko‘ngilochar tadbirlarni tomoshabinlar ishtirokida o‘tkazish vaqtincha to‘xtatiladi;
• madaniyat muassasalari ko‘rgazmalar, ommaviy ma’ruzalar, treninglar, taqdimotlar, master-klasslar, aksiyalarni onlayn ravishda o‘tkazadilar;
(Cheklovlar ijroiya hokimiyati organlarining qarori bilan o‘tkaziladigan rasmiy tadbirlarga tatbiq etilmaydi.)
Bolalar o‘yigohlari, ko‘ngilochar markazlar, lagerlar, shu jumladan madaniyat va istirohat bog‘larida, savdo va ko‘ngilochar markazlarda va kafelarda, agar binolarda joylashgan bo‘lsa, vaqtincha yopiladi. Bolalar uchun ochiq havoda mashg‘ulotlar o‘tkazishga esa taqiqlar mavjud emas.
Moskva meri Sobyaninga ko‘ra, ikki oyga joriy etilayotgan yangi cheklovlar o‘ta yoqimsiz, biroq majburiy choradir.
"Umid qilamanki, ular natija beradi hamda minglab moskvaliklarning hayoti va sog‘lig‘ini saqlab qoladi", deydi mer.
Moskvada koronavirus infeksiyasining tasdiqlangan holatlari soni o‘sishda davom etmoqda. Ayni vaqtda Moskvada 481 ming 68 kishi koronavirusga chalingan. Ularning 346 889 nafari yoki 72,1 foizi sog‘aygan. Vafot etganlar esa 7429 nafarni yoki moskvalik bemorlarning 1,5 foizi tashkil etmoqda.
LiveBarchasi