Moskva yaqinidagi binoda yong‘in: qurbonlar soni ortib bormoqda

Olam

image

Moskva yaqinidagi Fryazino shahridagi ofis binosida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida halok bo‘lganlar soni sakkiz kishiga yetdi. Bu haqda favqulodda xizmatlarga tayanib, Rossiya OAVlari xabar berdi.

“Yana bir jabrlanuvchi shifoxonada og‘ir ahvolda”, deydi Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyov.

Avvalroq rasmiylar qochishga urinib, derazadan sakrab tushgan ikki kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan edi.

Ilgari “Platan” ilmiy-tadqiqot instituti egallab turgan sakkiz qavatli binodagi yong‘in kecha, 24 iyun kuni sodir bo‘lgan. Yong‘in beshinchi-sakkizinchi qavatlarni qamrab olgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, to‘qqiz kishi bino ichida qolib ketgan.

Operativ xizmatlarning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘inga elektr tarmog‘ining avariyali ishlashi sabab bo‘lgan.

Keyinroq yonayotgan binoda kislorod ballonlari portlagan. Bu shiftlarning qulashiga olib kelgan.

“Yong‘in tarqalishiga lift shaxtasi va havo o‘tkazgichlarining joylashuvi yordam berdi”, deb tushuntirdi viloyat rahbari.

Yong‘inni o‘chirishda favqulodda vaziyatlar xizmatining o‘nlab xodimlari va o‘nlab texnika vositalari, jumladan, ikkita vertolyot ishtirok etdi.

Moskva vaqti bilan soat 22:00 da ochiq yonish o‘chirildi. Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva viloyati bo‘yicha boshqarmasi ehtiyotsizlik oqibatida o‘limga sabab bo‘lganlik bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Moskva Fryazino

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing