Moskva va Pekindagi paradlar jahon urushini qo‘zg‘ashga urinishdan ogohlantiradi – To‘qayev
Olam
−
08 Sentabr 8594 2 daqiqa
Moskva va Pekindagi Ikkinchi jahon urushi tugaganining 80 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar uning natijalarini qayta ko‘rib chiqishga va yangi global mojaroni boshlashga harakat qilayotganlar uchun ogohlantirish bo‘lib xizmat qiladi. Bu haqda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bugun, 8 sentyabr kuni xalqiga yo‘llagan murojaatida ma’lum qildi.
“Joriy yil unutilmas sanalarga boy bo‘ldi. Birinchidan, bu yil Ikkinchi jahon urushi tugaganiga 80 yil to‘ldi.
Moskva va Pekinda o‘tkazilgan tantanali tadbirlarni insoniyat tarixidagi eng qonli urush paytidagi janglarning o‘n millionlab qurbonlari abadiy xotirasining namoyon bo‘lishi, uning natijalarini qayta ko‘rib chiqish va yangi jahon mojarosini boshlashga urinishlardan ogohlantirish sifatida ko‘rish kerak”, dedi To‘qayev.
U barqaror tinchlik va umumbashariy taraqqiyot uchun “yaxshi janjaldan yomon tinchlik afzal” degan murosalarni izlash kerakligini ta’kidladi. Prezidentning aytishicha, Qozog‘iston shu bois Alyaskadagi Rossiya-Amerika sammiti natijalarini, shuningdek, Vashingtonda Prezident Tramp vositachiligida Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik deklaratsiyasi imzolanganini olqishlagan.
Qozog‘iston yetakchisi bu yil Ikkinchi Jahon urushi natijalarining asosiy institutsional timsoliga aylangan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 80 yilligi nishonlanishini ham qo‘shimcha qildi. To‘qayev Birlashgan Millatlar Tashkilotining hali ham muqobil varianti yo‘q ekani va Qozog‘iston fikricha, barcha dolzarb xalqaro muammolarni adolatli hal qilish uchun u asosiy muzokaralar platformasi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
“BMTni, ayniqsa, uning asosiy organi – Xavfsizlik Kengashini isloh qilish zarurati mavjud.
Yaqinda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan Bosh Assambleyaning yubiley sessiyasida nutq so‘zlamoqchiman, u yerda Qozog‘istonning xalqaro vaziyatga qarashlari, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish bo‘yicha takliflar bilan tanishtiraman”, dedi To‘qayev.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 9 may kuni Moskvada, 3 sentyabr kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan harbiy paradlarda To‘qayev ham qatnashgan edi.