Moskva don shartnomasiga qaytishi mumkin, faqat...

Olam

image

Rossiya g‘alla va o‘g‘itlarini eksport qilish bo‘yicha memorandumni amalga oshirishda aniq natijalar bo‘lsa, mamlakat don yo‘lagi bo‘yicha kelishuv muhokamasiga qaytadi. Bu haqda ommaviy axborot vositalariga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, BMTda Rossiya bilan mamlakat don va o‘g‘itlarini eksport qilish bo‘yicha memorandumni bajarish uchun uch oy vaqt bor. 

Diplomatning aytishicha, mamlakat BMT va G‘arbning navbatdagi kafolati va va’dalariga ishonib emas, tuzilgan shartnomadagi Rossiyaga tegishli bandlari amalga oshganidan keyingina kelishuvga qaytishga rozi bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, shu yilning 17 iyul kuni Rossiya don yo‘lagi bo‘yicha kelishuvni to‘xtatganini ma’lum qildi.  Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen Moskvaning bu qarorini qoraladi. 

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga don yo‘lagi kelishuvini yoki unga o‘xshash loyihani uch tomonlama shaklda davom ettirish taklifi bilan rasmiy maktub yubordi.

Avvalroq Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya rahbari Vladimir Putin don shartnomasini uzaytirishga rozi bo‘lganini aytib chiqqandi.

Bundan oldin esa Putin don bitimi doirasida Rossiya uchun hech narsa qilinmagani, bu bir tomonlama o‘yin ekanini bildirgandi.

Ma’lumot uchun, don kelishuvi 2022 yil 22 iyulda Istanbulda tuzilgan. U yerda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Rossiya, Turkiya va Ukraina ishtirokida ikkita hujjat imzolangan – Ukrainaning uchta portidan (Chernomorsk, Odessa va Yujniy) g‘alla eksporti uchun yo‘lak yaratish hamda Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarni eksport qilish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish to‘g‘risida. Tashabbus 2022 yil noyabrida 120 kunga, martgacha, keyin yana ikki marta – ikki oyga uzaytirilgan. Yakuniy muddat – 17 iyul kuni tugagan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Mariya Zaxarova don shartnomasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing