Moskva bir qator davlatlar terroristik guruhlarga moliyaviy yordam berayotganini aytmoqda
Olam
−
23 iyun 2021
13281Bir qator mamlakatlarning maxsus xizmatlari xalqaro terroristik guruhlarni moliyalashtirmoqda va qurollantirmoqda. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha to‘qqizinchi Moskva konferensiyasida aytib o‘tdi.
Valeriy Gerasimovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda ISHID terrorchilari Suriya va Iroqda mag‘lubiyatga uchragan, ammo ularning Yaqin Sharqdan Shimoliy Afrika hamda Afg‘onistonga ko‘chib o‘tayotgani ko‘zga tashlanmoqda.
Foto: Valeriy Gerasimov
“Qayd etish kerakki, bir qator nodavlat tashkilotlar hamda davlatlarning maxsus xizmatlari o‘zlarining siyosiy maqsadlariga erishish uchun terroristik tashkilotlarni moliyalashtirish va qurollantirish bilan shug‘ullanmoqda”, deydi Gerasimov.
Uning ta’kidlashicha, amaliyot shuni ko‘rsatadiki, terrorchilar bilan o‘yin o‘ynash yaxshilikka olib kelmaydi.
“Terroristik guruhlar ertami-kechmi o‘z kuratorlari nazorati ostidan chiqib ketadi. Faqat yaqin xalqaro hamkorlik munosabatlari bilangina terroristlarga munosib javob qaytarish mumkin”, deya tushuntirdi u.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 22-24 iyun kunlari Rossiya poytaxtida Xalqaro xavfsizlik bo‘yicha to‘qqizinchi Moskva konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu har yili Mudofaa vazirliklari, xalqaro tashkilotlar vakillari va nodavlat ekspertlarni global xavfsizlikning asosiy savollariga javob izlash uchun birlashtiradigan forumdir.
Eslatib o‘tamiz, ushbu konferensiyasi doirasida so‘zga chiqqan Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoygu NATO kuchlarining Afg‘onistonni tark etishi fonida mamlakatda avj olgan keskinlikka to‘xtalib, vaziyatni yechish uchun tezkor choralar ko‘rish va bunga xalqaro hamjamiyatni jalb qilish borasida fikr yuritdi.
Bundan tashqari, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham ushbu konferensiyasi doirasida so‘z olib, dunyoga xavf solayotgan tahdidlarni sanab o‘tgandi.
LiveBarchasi