Moped va skuter boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talab qilish muddati uzaytirildi
Jamiyat
−
16 aprel
8505O‘zbekistonda moped va skuterni boshqarish uchun haydovchilik guvohnomasi talabi joriy yil 1 oktyabrgacha kechiktirildi. Bu haqda joriy yilning 12 aprel kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga yong‘in xavfsizligi qoidalari va transport vositalaridan foydalanish talablarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Ilgari joriy yil 1 martdan moped va skuter boshqarish uchun tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasi talab qilinishi belgilangan edi. Endi bu talab joriy yil 1 oktyabrgacha ortga surildi.
Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 8 iyul (Foydalanishda bo‘lgan moped va skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida) va 9 avgustdagi (Yoshlarni xorijiy tillarga o‘qitish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida) qarorlari bilan 1 martdan moped va skuterlarga yangi talablar joriy etilishi rejalashtirilgan edi.
Ularda majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tish, davlat raqami belgilarini olish va ularni boshqarish uchun “A” toifali haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish belgilangan.
Yuqoridagi qaror bilan, shuningdek, ekspluatatsiyadagi moped va skuterlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomning amal qilish muddati ham 31 sentyabrgacha uzaytirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tez tibbiy yordam avtomobillari, elektromototsikl, moped va skuter uchun alohida davlat raqam belgilari joriy etilishi xabar qilingan edi.
Agar XIE tipidagi raqam (yashil fonda hudud kodi bilan ikki qatorli belgi) ilgari mototsikllar, skuterlar va elektr skuterlar uchun chiqarilgan bo‘lsa, endi u elektromototsikllar uchun beriladi. Elektrodvigatelining quvvati 0,25 kilovatt va undan ortiq, lekin 4 kilovattdan oshmaydigan, konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan ortiq, biroq 50 kilometrdan oshmaydigan ikki yoki uch (to‘rt) g‘ildirakli bo‘lgan kvadrotsikl (kvadrotsikl), tritsikl hamda yo‘lning qatnov qismida harakatlanishiga moslashtirilgan boshqa transport vositalari skuterlarga tenglashtirildi. Skuterda harakatlanayotgan haydovchi hamda yo‘lovchilar maxsus motoshlem kiyishlari va uni qadab olishlari shart.
LiveBarchasi