Moody’s: “Koronavirus paytida O‘zbekiston banklari barqarorlikni saqlab qoladi”

Jamiyat

image

“Moody’s” xalqaro reyting agentligining 2020 yil 8 aprelda e’lon qilingan hisobotida O‘zbekiston Respublikasi bank tizimi prognozi “barqaror” darajada saqlab qolingani ma’lum qilindi. Bunda respublika bank tizimining MDH mamlakatlariga nisbatan Koronavirus pandemiyasining ta’siriga bardoshliroq ekanligi asosiy omil sifatida ko‘rsatildi. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ma’lum bo‘lishicha, ekspertlar O‘zbekistonda davlat sektorining mamlakat iqtisodiyoti va bank tizimida salmoqli ulushga ega ekanligi va moddiy zaxiralar yaratganligi koronavirus tarqalishi sababli iqtisodiy faoliyat buzilishining banklarning aktivlari sifatiga bo‘lgan ta’sirini cheklaydi, deya hisoblamoqda. Mustahkam moddiy zaxiralar va oldingi katta daromadlar iqtisodiy sharoitning yomonlashuvi natijasida ko‘riladigan zararlarni qoplash uchun yetarli deya hisoblanmoqda. 

Biroq, davlat banklaridagi kreditlarning o‘sishi ularning likvidlik zaxiralariga nisbatan bosimni kuchaytiradi, deyiladi xabarda.

 “Moody’s” agentligi fikricha, quyidagi omillar O‘zbekiston bank tizimining barqarorligiga ijobiy ta’sir qiladi:  

• bank tizimi kredit portfelida davlat korxonalariga berilgan kreditlar ustunlik qilishi va ushbu qarz oluvchilar davlatning yordamiga suyanishi mumkinligi berilgan kreditlar ishonchliligini oshirib,   banklar aktivlarining sifati yomonlashishi xavfini kamaytiradi;

• respublikaning asosiy savdo hamkor davlatlari, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Turkiya milliy valyutalarining sezilarli darajada qadrsizlanishiga qaramay, so‘mning qiymati AQSH dollariga nisbatan barqaror bo‘lib qoldi. Bu, o‘z navbatida, xorijiy valyutada ifodalangan aktivlarning inflyatsiyaga uchrash xatarini cheklaydi va kapitalizatsiya darajasining barqarorligini ta’minlaydi;

• YAIMning 52 foizi qiymatiga teng zaxiralar bilan O‘zbekiston hukumati mamlakat iqtisodiyoti va bank tizimini qo‘llab-quvvatlash uchun katta salohiyatga egadir.  

Shu bilan birga, agentlik tomonidan quyidagi salbiy omillar sanab o‘tilgan:

• Koronavirus pandemiyasi tufayli hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar iqtisodiy faoliyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bundan birinchi navbatda kichik va o‘rta biznes sub’ektlari, jismoniy shaxslar, nooziq-ovqat iste’mol tovarlari chakana savdosi, umumiy ovqatlanish korxonalari, transport va turizm sohasiga oid biznes sub’ektlari va boshqa xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar zarar ko‘radi;

• banklarning milliy valyutadagi omonatlarini xorijiy valyutaga konversiya qilish natijasida omonatlar chiqib ketishini oldini olish bo‘yicha sa’y-harakatlari bilan bog‘liq moliyalashtirish xarajatlari oshgan sari Sof foizli marja (Net interest margin) kamayadi. Bu, yuqori zaxira to‘lovlari bilan birga, rentabellikni pasayishiga olib keladi;

• sektorning o‘rtacha likvidlik koeffitsiyenti 2020 yil 1 mart holatiga jami aktivlarning qariyb 16 foizini tashkil qildi. Davlat banklarida kreditlashning o‘sishi hisobiga likvidlik zaxiralari bosim ostida qoladi.

Ma’lumot uchun, “Moody’s” xalqaro reyting agentligi 1909 yilda tuzilgan amerika kompaniyasi bo‘lib, biznes va moliyaviy tahlillar olib boradi. Xalqaro agentlikning reytinglari muhimligining boisi moliya bozorida qarz instrumentlari narxini belgilashdagi rolidir. Masalan, agentlik reytingida O‘zbekiston Aaa/AAA/AAA ballga ega bo‘lsa, V1 reytingidagi davlatdan 1,5 foiz pastroq narxda qarz olishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Moody’s bank koronavirus

Baholaganlar

26

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing