Monopolistlarga qarshi kurashgan Ruzvelt kim edi?

Bu qiziq

image

Amerika tarixida har bir Prezidentning o‘z o‘rni bor. Biri ichki siyosatda katta o‘zgarishlarni qila olgan bo‘lsa, boshqasi tashqi siyosatda Amerika manfaatini ko‘zlab harakatlanib kelgan. AQSH Prezidentlari tarixiga qarasak, uning bugungi moliya markaziga aylanishiga, o‘tish davrida iqtisodiy tanazzuldan saqlab qolishga mehnati singgan, monopolistlarga qarshi ochiqdan-ochiq kurashgan Prezidentlardan biri – bu Teodor Ruzvelt hisoblanadi.

Ruzveltning siyosiy maydonga kelishi

Ruzvelt 1858 yilning 27 oktyabrida Nyu-Yorkda dunyoga kelgan. Ruzvelt yoshligida juda nimjon edi. U astma kasalligi bilan kasallangan, ko‘rish qobiliyati ham yaxshi emasdi. Kasalligi sabab boshlang‘ich ta’limning ko‘p qismini uyda olishga majbur bo‘ldi. Biroq bu uni o‘z maqsadlaridan to‘xtata olmadi. 1876 yilda Ruzvelt AQSHning dunyoga mashhur oliygohi Garvard universitetiga qabul qilindi. 

1880 yilda o‘qishni tamomlab, Respublikachilar partiyasiga a’zo bo‘ldi va siyosatdagi uzoq yillik faoliyatini boshladi. U AQSH konstitutsiyasidagi tenglik g‘oyasini o‘zining asosiy tamoyili sifatida bilardi. 1901 yilning 6 sentyabrida AQSHning amaldagi prezidenti Mak-Kinliga nisbatan suiqasd uyushtirildi va oradan 8 kun o‘tib u vafot etdi. Bu orada vitse-prezident lavozimidagi Teodor Ruzvelt qasamyod qabul qilib AQSH tarixidagi eng yosh (o‘sha vaqtda 42 yosh-u 10 oylik edi) Prezident bo‘ldi. O‘shanda Ruzvelt Oq uydagilar va katta sarmoyadorlarni monopoliyaga qarshi kurashmasligi va mansabdorlar tarkibini saqlab qolishiga ishontirgandi.

1901 yilning 3 dekabrida Ruzvelt o‘zining ilk ma’ruzasida ijtimoiy adolat va tenglik g‘oyalarini oshkor qildi. O‘sha vaqtda AQSHda ijtimoiy notenglik, korrupsiya va monopoliya hukmronligi sabab noroziliklar avj olayotgandi. U Kasaba uyushmalari faoliyatini qo‘llab-quvvatladi. Bu borada bir nechta qonun imzolanishiga erishdi. Ayollar istagan sohada ishlashi mumkin bo‘lishi va mehnatiga yarasha haq olishi lozimligi haqida gapirardi. Adolatga bo‘lgan tashnaligi sabab uni sotsialist deb atashardi. Undan avvalgi Prezidentlar Prezident konstitutsiya oldidagi vazifalarni bajarishi kerak deb hisoblasa, u Prezident hokimiyati ostidagi xalq uchun barcha ishni qilishi kerak va bu konstitutsiyaga zid bo‘lmasa bo‘ldi deb hisoblardi. U Mak-Kinlining iqtisodiy izolyatsiya siyosatidan voz kechib, Amerikani butun dunyoda faol bo‘lgan imperialistik kuchga aylanish siyosatini boshladi.

Ruzvelt o‘z siyosatini mustahkamlashni aholining ishchi qatlamini o‘ziga qaratishdan boshladi. Ruzvelt ish beruvchi va xodim o‘rtasida adolatli mehnat faoliyati yuritilishi lozimligini talab qilardi. Ular teng huquqlilik asosida ishlashi kerakligini aytardi. Ishchilarning ish haqi kompaniya daromadiga mutanosib tarzda o‘zgarib turishi shartligi, ish vaqtida jabrlanganlar va ularning yaqinlariga kompensatsiya qoplanish masalasini kun tartibiga olib chiqdi. Shunday qilib u bir nechta qonunlar orqali mehnat huquqlari ta’minlanishi bo‘yicha o‘z maqsadlariga erisha oldi.

Ruzvelt monopolistlarni o‘ziga dushman deb bilardi

Ruzvelt Amerika iqtisodiyotini kemirayotgan ko‘pchilik monopolist trestlarni o‘ziga eng katta dushman sifatida ko‘rardi. Ammo u birinchi prezidentlik davrida ularga qarshi kurashni ochiq kurashga aylantirmadi. Chunki, ikkinchi prezidentlik muddati saylovlari uchun mablag‘ni ulardan olishga to‘g‘ri kelishini bilardi. Shu sababli, birinchi prezidentlik davrida asosiy kurashni tashqi siyosat masalalariga qaratdi. 1904 yilgi muvaffaqiyatli saylov kampaniyasidan so‘ng, Demokratlar partiyasidan nomzodi qo‘yilgan Parker ustidan g‘alaba qozondi. 

Uning fikricha, iqtisodiyot nazoratsiz rivojlanmaydi, uni Amerika xalqi manfaatlaridan kelib chiqib qonunlar orqali boshqarish kerak. Sobiq Prezidentlar Jekson va Linkolnning erkinlik borasidagi fikrlari endilikda (shuncha sanoat inqiloblaridan so‘ng) zamon talabiga javob bermay qolgandi. Moliya va ishlab chiqarishda hukumatning to‘liq istisno etilishi katta-katta tabiiy monopoliyalarning vujudga kelishini ta’minlaydi. Amerikadagi korporatsiyalar shu darajaga yetdiki, korporatsiyalarning o‘zi gigant korporatsiyalar orqali boshqarilar, hukumat qonunlar ishlab chiqishda ularning manfaatini (soliq, moliya va boshqa sohaga oid siyosatida) hisobga olardi. Bu vaqtda Amerika hukumati arxaik ko‘rinishdagi kuchsiz hukumatga aylanib qolgandi. Shu sabab davlat katta trestlar tomonidan qilinayotgan moliyaviy firibgarliklarga qarshi tura olmay qoldi. Qonunlarda chigallik yuzaga kela boshladi. Shtat manfaatini himoya qiladigan qonunlar milliy manfaatga to‘g‘ri kelmay qoldi, yoki buning aksi kuzatilardi.

Ruzvelt uchun faqat bir yo‘l qolgandi

AQSHning avvalgi davrdagidek biznesda halol raqobatni yuzaga keltirish siyosati ilojsiz bo‘lib qoldi. Bunda faqatgina bir yo‘l, ya’ni trest va monopol korxonalarni yo‘qotish emas, balki qonunan nazorat qilish yo‘li qolgandi. Agar ularga yoppasiga “hujum” qilinadigan bo‘lsa, ular Yevropa yoki boshqa joylarga chiqib ketishi, soliq tushumi keskin kamayib, mamlakat xazinasi bo‘shab qolishi, mamlakatda ishsizlik avj olishi va boshqa balolar bo‘lishi mumkin edi. Ruzvelt shu yo‘lni (nazorat qilishni) tanladi. Moliyaviy firibgarlikni yo‘qotish, jamiyat manfaatlari yuzasidan korporatsiyalar faoliyatini nazorat qilish maqsad qilindi. 

Ruzveltning siyosatidan qo‘rqqan yirik kompaniya egalari davlatdan daxlsizlik huquqi talab qila boshladi. Bu yo‘lda ular siyosatchi va gazetalar vahimalaridan foydalanishdi. Biroq Ruzvelt bu talabni ahmoqlikka yo‘ydi va hech qachon bunday bo‘lmasligini aytdi. Turli sohalarni monopoliyaga aylantirgan magnatlar Ruzveltni yo‘q qilish va avvalgi davrga qaytishni xohlab qolishdi. Shunga qaramay, Ruzvelt o‘z maqsadidan qaytmadi. Monopoliyaning oldini olish va mavjudlarini yo‘qotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi Savdo va mehnat vazirligi va korporativ byuroni tashkil qildi. Uning qoshida komissiya tashkil etildi va bu komissiya biznes bilan shug‘ullanuvchi istalgan korporatsiya nazoratini amalga oshirishi va sohani tahlil qilish vakolatlariga ega edi. Bu yo‘lda Ruzveltga ko‘maklashuvchi magnatlar ham paydo bo‘ldi. 

Temir yo‘l monopolistlaridan biri bo‘lgan Pol Morton ismli shaxs o‘z ayblarini tan olib, hukumatga ushbu sohada monopoliyaga qarshi kurashishda o‘z yordamini bera boshladi. Morton tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida Shtatlararo davlat komissiyasi va Adliya vazirligi tomonidan audit tekshiruvlari o‘tkazildi. Temir yo‘llar to‘liq hukumat nazoratiga o‘tdi. Mortonga sanksiya berilishida yengilliklar berildi. Tariflar to‘g‘risida Xepbern qonuni (bill) ham qabul qilindi. Bu yo‘lda unga ayrim senatorlar ham qarshi chiqdi. Ammo qonun baribir qabul qilindi. Ruzvelt monopol trestlarga qarshi kurashi bilan Amerika tarixiga kirdi.

Ruzveltni keyingi Prezidentlar Taft, Vilson davrlarida rosa tanqid qilishdi. Ayrimlar uni ayrim monopolistlarga yordam berish uchun boshqalarini yo‘qotishga urinishda ham ayblashdi. Biroq, u Amerika tarixida AQSH iqtisodiyotini jarlikka yetaklayotgan trestlar ta’siri doirasidan chiqara olgan Prezident sifatida qoldi. Hozirgacha amerika xalqi o‘sha davrdagi ko‘mir, po‘lat, shakar trestlarining faoliyatini tartibga solgan, boshqa biznesmenlarga ham sharoit yaratib bergan Ruzveltga o‘z minnatdorligini bildirib keladi. 


Maqola muallifi

Teglar

monopoliya Ruzvel't

Baholaganlar

278

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing