O‘zbekistonda monitoring qilinadigan offshor hududlar ro‘yxati kengaytirildi

Jamiyat

image

Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan valyuta operatsiyalari amalga oshirilishining asoslanganligi yuzasidan monitoring olib borish tartibi to‘g‘risida nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda “Norma” xabar berdi.

Birinchidan, bank filiallari va bojxona xizmati organlarining hududiy boshqarmalaridan axborot oladigan soliq organlari aniqlashtirildi - hududiy davlat soliq boshqarmalari va Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi.

Ikkinchidan, mezonlardan biriga tuzatish kiritildi – rezident-jismoniy shaxs tomonidan jismoniy shaxslarning xorijdagi hisobvarag‘iga pul mablag‘lari o‘tkazmasi summasi. Agar bir kalendar yili davomida o‘tkazma summasi 100 mln so‘mdan ortiq bo‘lsa (ilgari – ekv. 10 ming dollar) banklar xabar berishlari kerak.

Uchinchidan, valyuta operatsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumot ilgarigidek yil boshidan o‘sib borish tartibida emas, balki har hisobot oyi uchun alohida taqdim etiladi.

To‘rtinchidan, bojxona organlari ham olib kirilayotganda, ham olib chiqilayotganda (ilgari – faqat olib kirilayotganda va oshirilganda) aniqlangan tovarning faktura qiymatini asossiz ravishda oshirish va kamaytirish holatlari to‘g‘risida xabar berishlari kerak.

Beshinchidan, ular bilan valyuta operatsiyalari (import bo‘yicha to‘lov, bank hisobvaraqlariga o‘tkazish, tahr.) monitoring qilinishi lozim bo‘lgan offshor hududlar ro‘yxati kengaytirildi. Unga Amerika Samoasi, Aruba, Gvatemala, Dominika, Kiribati, Monako, Normand Olderni oroli, Pitkern, San-Marino, Sen-Marten (Sint-Marten), Urugvay va Filippin kiritildi.

Oltinchidan, monitoringning yangi mexanizmi joriy etildi. Olingan ma’lumotlarni o‘rganish chog‘ida soliq organlari elektron axborot bazalaridagi hamda o‘zlarida mavjud boshqa ma’lumotlarga tayanadilar. Valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi buzilganlik holatlari aniqlanganda, xo‘jalik yurituvchi sub’ektga so‘rovnoma yuboriladi:

•    elektron shaklda soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga – o‘qib chiqilgandan keyin, lekin ushbu so‘rovnoma jo‘natilgan sanadan e’tiboran 3 kundan kechiktirmay olingan deb hisoblanadi;
•    agar sub’ektning shaxsiy kabineti mavjud bo‘lmasa, pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi - u jo‘natilganidan so‘ng 5 kundan keyin olingan deb hisoblanadi.

So‘rovnomada ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar va axborotlar soliq organiga so‘rovnoma olingan kundan e’tiboran 5 ish kuni ichida taqdim etilishi lozim.

Ular to‘liq bo‘lishi kerak, aks holda soliqchilar qo‘shimcha axborot va hujjatlarni taqdim etish yuzasidan yangi so‘rovnoma yuboradi. Ayrim hollarda qo‘shimcha axborot banklar va bojxona organidan so‘rab olinadi.

Monitoringni amalga oshirish jarayonida huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilmaydi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektning faoliyati to‘xtatilmaydi. Agar monitoring:

•    huquqbuzarlik faktlari sodir etilganligini tasdiqlasa - soliq  organlari tomonidan o‘z vakolatlari doirasida choralar ko‘riladi yoki materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi;

•    jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bog‘liq holatlarni aniqlaganda - soliq organlari bu haqda 3 kun muddat ichida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yozma xabar beradi.


Maqola muallifi

Teglar

valyuta offshor hudud

Baholaganlar

35

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing