Dunyoning eng kuchsiz yettinchi valyutasi – so‘mning qadrsizlanishiga nima sabab bo‘ldi?

Tahlil

image

O‘zbekiston milliy valyutasi – so‘m kursi kundan-kunga tushib, dollarga nisbatan qiymati pasayib bormoqda. Bir necha kun avval tijorat banklaridagi sotuv kursi 1 dollar uchun 12 610 so‘mni tashkil qildi. Bir yil ichida so‘m 9,7 foizga qadrsizlandi. Yil boshidan beri esa dollar 232 so‘mga qimmatladi.

So‘m ilk bor muomalaga chiqarilgan vaqtda, 1994 yil 1 iyul kuni uning qiymati 1 dollarga nisbatan 7 so‘mni tashkil etgandi. O‘sha vaqtda umumiy inflyatsiya ko‘rsatkichi 1280 foizdan  yuqori bo‘lgan. Bu yangi valyuta – so‘mga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi va 2 iyul kuni birjada 1 dollar 12 so‘mga baholandi. Shunday qilib, so‘m bir kun ichida 71 foizga qadrsizlandi. Keyinchalik so‘mning kursi quyidagi ko‘rinishda tushib bordi.

Nega valyuta qadrsizlanadi?

Valyutaning boshqa valyutalarga nisbatan qiymati tushib ketishi devalvatsiya deyiladi. Devalvatsiya tushunchasi ko‘pincha inflyatsiya bilan adashtiriladi. Ikkala atama ham milliy valyutaning qadrsizlanishini bildiradi. Ammo inflyatsiya xarid qobiliyatining kamayishini, ya’ni tovarga nisbatan pullarning ko‘payib ketishini anglatadi, bunda siz bir xil miqdordagi pulga kamroq narsa sotib olasiz. Devalvatsiya – esa kursning tushishi.

Ba’zi holatlarda milliy valyuta Markaziy bank tomonidan bir nechta maqsadlarga erishish uchun milliy valyutaning ataylab qadrsizlantiriladi. Shunga ko‘ra devalvatsiya 2 xil bo‘ladi.

Nazorat ostidagi devalvatsiya sabablari quyidagilar:

  • eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash va importni avtomatik ravishda kamaytirish;
  • mamlakatning milliy valyutadagi qarzlarini kamaytirish;
  • savdo taqchilligini kamaytirish uchun.

O‘zbekistonda 2017 yilgacha so‘m kursi atayin devalvatsiya qilingan. Konvertatsiya (valyuta ayirboshlash) yopiqligi bois banklardagi rasmiy dollar kursi pastroq, qora bozordagi dollar kursi esa balandroq edi. 2017 yilda konvertatsiya rasman ochilishi bilan valyutalar kursi talab va taklifdan kelib chiqib, suzuvchi kurs bilan belgilanadigan bo‘ldi. O‘sha kundan boshlab so‘m qadri rekord darajada tushib ketdi.

Nazoratdan tashqaridagi devalvatsiya sabablari quyidagicha:

  •  yuqori inflyatsiya;
  • importning eksportdan ustunligi va byudjet taqchilligi;
  • tashqi qarzlarni yopish va xorijiy valyutaga bo‘lgan ichki talabni qondirish uchun mamlakatda yetarlicha ichki zaxiralar mavjud emasligi;
  • mamlakatdagi beqarorlik holatida kapitalning chiqib ketishi;
  • mamlakatga xalqaro sanksiyalar qo‘llanilishi.

Yuqoridagi sabablardan kelib chiqqan holda so‘mning qadrsizlanishiga olib kelgan omillarni ko‘rib chiqamiz:

1.  Inflyatsiya. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon kuchli inflyatsiya bilan kurashib kelmoqda. 1991 yilda 90.7 foiz, 1992 yilda 712 foiz, 1993 yilda 1078 foizlik inflyatsiya kuzatilgan (Maqsadli inflyatsiya ko‘rsatkichi 5 foiz). Ya’ni pul bor, lekin bozorda tovar yo‘q. Hatto, taqchillik tufayli hukumat zaruriy oziq-ovqat mahsulotlarini sotishda cheklov o‘rnatishga majbur bo‘lgan. Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekistonda sovet rubli pul birligi sifatida muomalada qolgandi. 1992 yilning yanvaridan iste’mol bozorini himoyalash maqsadida bir martalik kuponlar bosib chiqarilgan. 1994 yilda O‘zbekiston hukumati Xalqaro valyuta jamg‘armasining qarshiligiga qaramay, Markaziy bankning krediti orqali valyuta chop etishni boshlagan. O‘shanda, so‘m ilk bor bosib chiqarilgan vaqtda O‘zbekistondagi inflyatsiya ko‘rsatkichi 1280 foizdan oshib ketgan edi. Bu esa so‘mning qisqa vaqt ichida qadrsizlanishiga olib keldi.

Xalqaro oziq-ovqat siyosati ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Komiljon Akramov iqtisodchi Behzod Hoshimovga bergan intervyusida hukumatning bu qarori katta xato bo‘lganini aytadi:

“Pul Xalqaro valyuta jamg‘armasining tavsiyalarini eshitmasdan chop etilgan — eng yomon yechim tanlangan. Iqtisodiyotga katta miqdorda (tovar bilan) ta’minlanmagan pul massasi kirib kelgan. U pul aylanib-aylanib, yo‘lini topib, valyuta bozoriga kirgan. Bir tomondan valyuta tushumlari pasayib ketgan — oltin va paxta narxi tushib ketgandi. Ikkinchi tomondan, valyuta bozoriga katta miqdorda so‘m kirib kelgan. Ya’ni ikki tomonlama shok kuzatilgan. Oxiri konvertatsiyani yopishga majbur bo‘lishgan. Kursning keskin tushishiga qo‘yib berish yana bir boshqacha yechim bo‘lardi. Menimcha, shu to‘g‘riroq, lekin qiyin yechim bo‘lardi”, — deydi Komiljon Akramov.

2024 yil inflyatsion ko‘rsatkich pasayishi bilan boshlandi. Hozirda umumiy inflyatsiya 8,3 foizni tashkil etmoqda. 2023 yilda 8,7 foiz bo‘lgan edi.

2.  Eksportning importdan yuqoriligi. O‘zbekiston tashqi savdo saldosi yildan-yilga minusga kirib bormoqda. 2018 yilda eksport importdan 5,2 milliard dollarga ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib, tashqi savdo saldosi qariyb minus 14 milliard dollarni (eksport 24,4 mlrd dollar, import 38,1 mlrd dollar) tashkil etdi. Agar import kamaysa, valyutaga bo‘lgan talab ham kamayib, valyuta kursining tushishiga va so‘mning qadri oshishiga olib keladi. Lekin, bu yerda boshqa muhimroq masala ham bor: importning cheklanishi bozorda tanlovning cheklanishiga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, eksport qilinayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligi pasayadi, bu esa o‘z-o‘zidan mamlakat eksport hajmining tushishini ta’minlaydi.

Kechagi yig‘ilishda ham Prezident Shavkat Mirziyoyev eksport muhimligini ta’kidladi:

“Bir haqiqatni aniq tushunib olish zarur. Inflyatsiyani jilovlash va valyuta barqarorligini ta’minlash eksport bilan chambarchas bog‘liq. Qanchalik ko‘p mahsulot ishlab chiqarmaylik, eksport uchun kerakli shart-sharoitni yaratmasak, o‘zgarish bo‘lmaydi”, deydi Mirziyoyev.
 

3. Davlat byudjeti taqchilligi. Davlat xarajatlarining daromadidan ko‘payib ketishi yuqori inflyatsiya darajasi hamda yuqori tashqi qarz inqirozi kabi jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. 2023 yilning yanvar-avgust oylaridagi holatga ko‘ra, O‘zbekistonning byudjet kamomadi rejadagidan oshib ketib, 39 trillion so‘mni tashkil qilgan. Aslida 2023 yilda byudjetda profitsit bo‘lishi kutilgan edi, lekin hukumat hech qachon taqchillik chegarasini ushlab tura olmagan. Davlat qarzi esa qariyb 35 milliard dollarga yetdi. O‘tgan yilgi byudjet defitsiti tashqi qarzlar hisobiga yopildi. Garchi, inflyatsiya 2024 yilning fevralidan 8,3 foizlik ko‘rsatkichga tushgan bo‘lsa-da, byudjet taqchilligi, tashqi qarzlar, tashqi savdo saldosidagi minuslar so‘m kursiga bosim o‘tkazmoqda.

 

4.  Markaziy bank. Markaziy bank davlat va tijorat banklarini nazorat qilish vakolatiga ega bo‘lib, pul muomalasini tartibga solishda va byudjetni boshqarishda hukumatga yordam beradigan organ hisoblanadi. Iqtisod fanlari doktori, professor To‘lqin Boboqulovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston uzoq yillar davomida byudjet defitsitini (taqchillik) amalda mustaqil bo‘lmagan Markaziy bankdan olingan kredit hisobiga yopgan. Bu esa muomalaga ortiqcha, tovar bilan ta’minlanmagan pul chiqishiga olib kelgan. Natijada valyuta qadrsizlangan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Markaziy banki berilgan kreditlarning qaytishini ta’minlay olmagan, bankdan tashqari pul aylanmalari, yashirin iqtisodiyotga chek qo‘yilmagan.

5. Konvertatsiyaning qayta ochilishi. O‘zbekiston hukumati 1996 yilda so‘m qiymati tushib ketishining oldini olish maqsadida konvertatsiyani yopib qo‘ydi. Bu esa mamlakat iqtisodiyotiga juda yomon ta’sir ko‘rsatdi.

“2017 yilgacha tadbirkorlar joriy hisob raqamida pul bo‘lishiga qaramay, birjada dollar sotib ololmasdi. Ular xorijdan investitsiya ham, asbob-uskunalar ham olib kelolmay qiynaldi. Bu orqali tadbirkorlar ichki bozorni tovar bilan to‘ldirish imkoniyatidan mahrum qilindi. Konvertatsiya muammosi bo‘lmaganda O‘zbekistonning ichki bozori tovar bilan to‘lar edi, ham eksport hajmi oshar edi”, degan edi Boboqulov.

 

2017 yilning 5 sentyabr kuni O‘zbekistonda rasman konvertatsiya ochilishi bilan dollar kursi birdaniga 3889 so‘m 65 tiyinga oshib, 8100 so‘mga yetdi. Mutaxassislar konvertatsiya ochilganda milliy valyuta kursining tushib ketishiga tabiiy hol sifatida qarashadi. Iqtisodchi Valijon To‘raqulov hozirgi kunda dollar kursining ko‘tarilib borayotganini ham aynan 2017 yilgi konvertatsiya islohoti bilan bog‘laydi:

“2017 yilgacha erkin konvertatsiya imkoniyati bo‘lmagan. Konvertatsiya ochilishi bilan dollarga talab keskin oshib ketdi. Buni “bozorning ochligi” deb ifodalasak bo‘ladi. Talab va taklif qonuni asosida dollar narxi ko‘tarilyapti. Dollarga talab yuqori, ammo dollar kam. Hozir esa bozor to‘yinish arafasida. Umid qilamizki, ma’lum bir vaqtdan keyin, odamlar xorijdan olib kelayotgan investitsiya, texnika, xomashyo ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishga, shu orqali eksportga yo‘naltiriladi. Bunda savdo balansimiz o‘z holatiga qaytadi hamda dollar kursi biroz pasayib, so‘m o‘z qadrini tiklab oladi”, deydi iqtisodchi.

Valyuta kursini jilovlash uchun harakatlar

2018 yilning birinchi yarim yilligida dollar kursi ketma-ket pastlagan edi. Iyun oyida bir dollar 7883.99 so‘mni tashkil etgan (2017 yil 5 sentyabrda 8100 so‘m edi). Markaziy Bank dollar kursining pasayishiga ular tomonidan amalga oshirilayotgan valyuta birjasidagi yangi intervensiya strategiyasi ta’sir qilayotganini, shu tufayli so‘mning qadri juda faol o‘sayotganini aytgan edi.

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston Markaziy banki valyuta ayirboshlash qoidalariga o‘zgartirish kiritishga oid qaror loyihasini e’lon qildi. Bunga keng jamoatchilik vakillari va iqtisodchilar norozilik bildirgach, qaror bekor qilindi. Garchi Markaziy bank raisi Nurmurodov “valyuta operatsiyalarini cheklash emas, amaldagi normalarni aniqlashtirish va operatsiyalarni amalga oshirish jarayonini soddalashtirish” ko‘zlanganini ta’kidlasa-da, ba’zi iqtisodchilar bu qarorning so‘m kursini ushlab turishga bog‘liq ekanini aytdi.

Xalqaro valyutalar indeksi

2023 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, so‘m dunyodagi eng qadrsiz yettinchi valyuta hisoblanadi. Faqatgina Eron, Livan, Somali, Vetnam, Laos va Indoneziya davlatlari O‘zbekistonga nisbatan kuchsiz pul birliklariga ega. Hatto, Afrikaning bir necha yillardan buyon giperinflyatsiyani boshdan kechirayotgan mamlakati Zimbabve valyutasining ham dollar oldidagi qiymati so‘mga qaraganda yuqoriroq: 1 AQSH dollari 322 Zimbabve dollariga teng.

Ma’lumotlardan kelib chiqib aytish mumkinki, O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo davlatlari ichida, balki MDH mamlakatlari orasida ham eng qadrsiz pul birligiga ega. Hozirgi kunda qo‘shnilarimiz valyutasining dollarga nisbatan qiymati quyidagicha:

1 dollar = 450  tenge (Qozog‘iston);

1 dollar = 89,5 som (Qirg‘iziston);

1 dollar = 3,5 manat (Turkmaniston);

1 dollar = 11,01 somoniy (Tojikiston);

1 dollar = 71,57 afg‘oniy (Afg‘oniston).

Yuqoridagi kabi iqtisodiy muammolarni boshdan kechirayotgan mamlakatlar ham talaygina. Masalan, Turkiya bir necha yillardan buyon yuqori inflyatsiya va devalvatsiyaga qarshi kurashib kelmoqda. Yanvar oyida liraning AQSH dollariga nisbatan qiymati rekord darajada pasaydi. Hozirda 1 dollar 32 liraga teng bo‘lib turibdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2023 yil davomida lira kursi AQSH dollariga nisbatan qariyb 37 foizga tushib ketgan. 85 milliondan ortiq aholi yashaydigan mamlakatda inflyatsiya 2024 yilning fevral oyida 67 foizni tashkil etdi. Turk lirasi devalvatsiyasiga ham yuqori inflyatsiya sabab bo‘lmoqda.

Rossiya va Ukraina urushi so‘mning qiymatiga ta’sir ko‘rsatadimi?

Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan buyon rubl kursi qulamoqda. Ayni damda 1 dollar 91,7 rublga teng (2020 yilda 72 rubl). O‘zbekistonga pul o‘tkazmalarining katta qismi Rossiyadagi mehnat muhojirlari tomonidan amalga oshirilishini, Rossiya bilan savdo aloqalari rublda bo‘lishini hisobga olsak, bu ham so‘m kursining pasayishiga ta’sir o‘tkazadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston uchun asosiy xorijiy bozor hisoblanmish Rossiya bozoriga eksportning o‘sishi sekinlashmoqda. 2022 yilda o‘zaro savdo aylanmasi 1,8 milliard dollarga, 2023 yilda 0,5 milliard dollarga o‘sgan. Eksport hajmi import hajmidan kam bo‘lgan. O‘zbekistonlik eksportchilar Rossiyaga mahsulot yetkazib berayotganda mahsulot tannarxi Rossiya bozoridagi narxlarga qarab belgilanadi. Valyuta kursining o‘zgarishi esa dollar hisobidagi tushumning pasayishiga olib keladi.

Yil oxiriga kelib 1 dollar 13 ming so‘m bo‘lishi mumkin

Alif kompaniyasining O‘zbekistondagi rahbari Nuriddin Lafizov Kursiv.media saytiga bergan ma’lumotida 2024 yilning birinchi yarmida pul o‘tkazmalari hajmining an’anaviy qisqarishi valyuta kursiga bosim o‘tkazishi mumkinligini, natijada valyuta kursining 12 400 – 12 700 so‘m oralig‘ida o‘zgarishi kutilayotganini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi moliyaviy tushumlarning oshishi tufayli kurs 12 500-12 800 so‘mgacha ko‘tariladi, 2024 yil oxiriga kelib 1 dollar 13 ming so‘mga yetishi mumkin.

Biroq bunga qarshi argument ham mavjud. Nuriddin Lafizovning fikricha, pul o‘tkazmalarining mavsumiy o‘sishi, shuningdek, Rossiya hukumati qabul qilgan valyuta tushumini 80 foiz sotish to‘g‘risidagi qarori yaqin oylarda rubl kursiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu orqali Rossiya bilan yaqin savdo aloqalariga ega mamlakat valyutalari ham mustahkamlanishi mumkin. Natijada dollar kursi biroz pasayishi ham kutilmoqda.

 


Maqola muallifi

Teglar

inflyatsiya valyuta so'm qadrsizlanish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing