Moliya tizimiga doir 4 yillik strategiya tasdiqlandi
Jamiyat
−
25 avgust 2020
9634O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “2020–2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasining davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori tasdiqlandi.
Ushbu qaror Xalqaro valyuta jamg‘armasi va boshqa xalqaro moliya institutlari ko‘magida ishlab chiqildi.
Strategiya moliya sohasidagi mamlakatimizda olib borilayotgan va kelgusida rejalashtirilayotgan islohotlarning aniq maqsadlari, vazifalari va asosiy yo‘nalishlarini bir hujjatda birlashtiradi.
2018 yilda Jahon bankining PEFA uslubiyati bo‘yicha o‘tkazilgan amaldagi byudjet tizimining tahlili, davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholash natijalari hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasining shaffoflik Kodeksi asosida fiskal siyosat ochiqligi yuzasidan o‘tkazilgan diagnostik baholash natijalari Strategiyani ishlab chiqish uchun asos bo‘ldi.
Strategiya davlat moliyasi to‘g‘risida jamoatchilikka keng qamrovli ma’lumotlar berish va shaffoflikni ta’minlash, samaradorlik va natijadorlikka bosqichma-bosqich erishishga qaratilgan fiskal siyosatga o‘tish uchun strategik yondashuvlarni ishlab chiqish hamda byudjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyati va javobgarligini oshirish kabi 6 ta asosiy yo‘nalishga bo‘lingan.
1-yo‘nalish Soliq-byudjet siyosatiga strategik yondashuvni tatbiq etish maqsadida o‘rta muddatli byudjet asoslarini ishlab chiqish hamda yillik byudjetni shakllantirishning yangi “natijaga yo‘naltirilgan byudjet” tizimini joriy etish;
2-yo‘nalish Makrofiskal prognozlar ishonchliligini ta’minlash bo‘yicha institutsional salohiyatni va byudjet jarayoni ishtirokchilarining mas’uliyatini oshirish;
3-yo‘nalish Byudjet mablag‘larini taqsimlovchilar va mahalliy davlat hokimiyati organlarining byudjet sohasidagi vakolatlarini va hisobdorligini oshirish hamda ularning mas’uliyatini kuchaytirish;
4-yo‘nalish Fiskal tavakkalchiliklarni baholash, moliyaviy aktivlar va majburiyatlar hisobini yuritish hamda ularni samarali boshqarish tizimini joriy etish;
5-yo‘nalish Byudjet hisobi standartlarini birxillashtirish, ichki nazorat va audit tizimini takomillashtirish orqali moliyaviy intizomni mustahkamlash hamda byudjet jarayoni ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;
6-yo‘nalish Byudjet ma’lumotlarining ochiqligi, to‘liqligi va xalqaro standartlarga mosligini ta’minlash.
LiveBarchasi