Moldova Rossiya gazidan voz kechdi
Olam
−
02 Oktabr 2023
6308Moldova bundan buyon Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasidan gaz sotib olmaydi. Bu haqda respublikaning Energetika vaziri Viktor Parlikov Yevro-Atlantika Barqarorlik forumida ma’lum qildi.
“Biz konstitutsiyaviy hokimiyat nazorati ostidagi hudud uchun endi “Gazprom”dan tabiiy gaz sotib olmaymiz”, degan Parlikov.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, respublika gazni Yevropa bozoridagi muqobil manbalardan xarid qilishga muvaffaq bo‘lgan.
“Bundan tashqari, biz buni “Gazprom” bilan shartnomada ko‘rsatilgan formuladan ham arzonroq narxda amalga oshira oldik”, deya qo‘shimcha qilgan Moldova vaziri.
Ma’lumot uchun, 2021 yil oktyabr oyida “Moldovagaz” va “Gazprom” o‘rtasida yiliga 3,3 milliard kub metr gaz yetkazib berish bo‘yicha besh yillik shartnoma tuzilgan. Shartnomani imzolash shartlaridan biri Kishinyov tomonidan gaz uchun qarzni to‘lash edi, “Gazprom” uni 709 million dollarga baholagan (qarzning umumiy hajmi 433 million dollar). Biroq “Moldovagaz” bor-yo‘g‘i 8,6 million dollar to‘lashga tayyor ekanini bildirgan.
Norvegiyaning Wikborg Rein Advokatfirma AS va Britaniyaning Forensic Risk Alliance tomonidan o‘tkazilgan audit natijalariga ko‘ra, 1991 yildan 2002 yil dekabrigacha bo‘lgan yetkazib berish uchun qariyb 278 million dollar qarzni hujjatlar yo‘qligi sababli tasdiqlash mumkin bo‘lmagan.
Bundan tashqari, inspektorlarning aniqlashicha, Moldovadan o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun asossiz yuqori jarimalar undirilgan, Moldova leyi qadrsizlanishi tufayli qarz ko‘paygan va "Gazprom" mahalliy aktivlarni bozor narxlarida sotib olmagan.
Auditorlar xulosasida ko‘rsatilishicha, qarzlarning katta qismi hisobdan chiqarilishi kerak. O‘z navbatida, Kishinyov “Gazprom” Trans-Bolqon quvuridan “Turk oqimi”ga o‘tgani sababli yo‘qotilgan tranzit daromadlari uchun taxminan 160 million dollar talab qilishi mumkin.
Qarzni to‘lash bo‘yicha kelishmovchilik yuzaga kelganidan so‘ng, “Gazprom” xorijlik auditorlarning xulosasini rad etgan va Moldovaga gaz yetkazib berishni ikki baravar qisqartirib, buni Ukraina tomoni eksport quvuriga ikkita kirish nuqtasidan birini to‘sib qo‘ygani bilan izohlagan.
Joriy yilning sentyabr oyida Moldova “Gazprom”ga Kishinyov oldidagi barcha qarzlardan kechish sharti bilan kelishuv bitimini tuzishni taklif qilgan, Biroq "Gazprom" bu taklifni rad etdi.
LiveBarchasi